“Faqat g‘alaba va Vatanimiz sha’ni uchun maydonga tushdik”
O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasi tarkibida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, Osiyo chempioni bo‘lgan futbolchilar orasida Samarqanddan ikki nafar sportchi – paxtachilik Amirxon Murodov va oqdaryolik Faridjon Abdullayev ham bor.
“Kelajak bunyodkori” medali va Prezident sovg‘asi — “Kobalt” avtomobili bilan taqdirlangan chempionlar Samarqandda tantanali kutib olindi.
Jumladan, Samarqand futbol akademiyasida ushbu maktabning sobiq tarbiyalanuvchisi Amirxon Murodov va uning ota-onasi, murabbiylari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimligi va sport boshqarmasi mas’ullari iqtidorli futbolchini tabrikladilar.
Amirxon 2008 yilda Paxtachi tumanining Dobusqal’a mahallasida tug‘ilgan. Tumandagi 35-umumta’lim maktabida tahsil olgan. 2018 yildan Paxtachi tumani sport maktabida murabbiy Shohruh Bobosherov qo‘l ostida futbol bilan shug‘ullana boshlagan.
– O‘g‘lim bolaligida matematika va ingliz tili fanlariga qiziqardi, – deydi Amirxonning onasi Hilola Xolmurodova. – O‘qituvchi bo‘lganim uchun o‘zim ham Amirxonning ko‘proq ilm o‘rganishini istardim va doim nazorat qilardim. Lekin undagi futbolga havas barchasidan ustun keldi va otasi bilan kelishib uni futbol to‘garagiga berdik. Tumandagi sport maktabiga qatnadi, so‘nggra Samarqand futbol akademiyasiga qabul qilindi. Ko‘p o‘tmay Navoiy viloyatida 15 yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Samarqand jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘shanda o‘g‘lim Islombek Ismoilov e’tiboriga tushib, dastlab “Paxtakor” futbol akademiyasiga, keyin U-17 terma jamoasiga chaqirildi. Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo kubogi o‘yinlarini hayajon bilan tomosha qildik. Final bahsi juda hayajonli, qiyin va asabiy uchrashuv bo‘ldi. Futbolchilarimiz iroda ko‘rsatib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ular orasida farzandimning ham borligi, Prezidentimiz tomonidan davlat mukofoti bilan taqdirlanishi va jahon chempionatiga yo‘llanma olgani biz uchun faxr, eng katta baxt.
Amirxon Murodov futbol akademiyasi tinglovchilariga ayni paytdagi faoliyati va Osiyo chempionati taassurotlari haqida gapirib berdi.
[gallery-22992]
– Jamoadoshlarimiz bilan har bir o‘yinda faqat g‘alaba va Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilish uchun maydonga tushdik, – deydi futbol bo‘yicha U-17 terma jamoasi a’zosi Amirxon Murodov. – Birinchi bo‘limda ikkita chetlatishdan keyin ham o‘zimizni yo‘qotmadik. Tanaffusda bosh murabbiy “Yigitlar, o‘yinni qutqara olasizlarmi, bizga butun O‘zbekiston ko‘z tikib turibdi. Men sizlarga ishonaman, siz g‘alabaga haqli” dedi. Biz ham oxirgi daqiqalargacha faqat g‘alaba uchun kurashib, buni uddalaymiz deb va’da berib, buni amalda isbotladik. Endi noyabr oyida Qatarda o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlaymiz va eng yaxshi natijalar, yorqin g‘alabalar uchun maydonga tushamiz.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari