Fan yutuqlari – salomatlik omili
Poytaxtimizda ichki kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda ichki kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz olimlari, yosh tadqiqotchilar hamda Rossiya, Belarus, Ukraina va boshqa davlatlar vakillari ishtirok etdi.O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari L.To‘ychiyev, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori A.Alaviy va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan tub islohotlar tibbiy xizmatni jahon andozalari darajasiga olib chiqish va xalqimizning zamonaviy tibbiy yordamdan foydalanish darajasini oshirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturida bu borada belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida hayotga tatbiq etilayotgani tibbiy xizmat sifatini yanada oshirmoqda.
Mamlakatimizda aholiga terapiya sohasida zamonaviy andozalar darajasida tibbiy-profilaktika, diagnostika va davolash yordami ko‘rsatish borasida samarali tizim yaratilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi tibbiy yordam ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilayotir.
O‘z yo‘nalishi bo‘yicha yetakchi davolash-profilaktika va ilm-fan muassasalaridan biri bo‘lgan mazkur markazda diagnostika va davolash ishlari bilan bir qatorda o‘nga yaqin davlat granti asosida ilm-fanning dolzarb masalalariga oid tadqiqotlar amalga oshirilayotir. Buning natijasida ichki kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha bir qator yangiliklar amaliyotga tatbiq etildi.
Asab kasalliklarini barvaqt aniqlashga yo‘naltirilgan elektroneyromiografiya, yurak-qon tomir kasalliklarini davolashning yangicha usullari – koronar arteriyalar angioplastikasi va stentlash amaliyoti bunga misoldir. Shunday operatsiyalarni o‘tkazish maqsadida bu yerda intervension kardiologiya bo‘limi tashkil etildi. Operatsiya xonalari yangi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Tibbiyotimiz erishayotgan bunday muhim yutuqlarni hududiy tibbiyot muassasalarida ham amaliyotga tatbiq etish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida joylarda to‘rt yuzdan ortiq seminar-trening, mahorat darslari tashkil etildi. Ushbu tadbirlar doirasida ellik mingdan ortiq bemorga maslahat-tashxis yordami ko‘rsatildi.
Ilmiy-amaliy anjumanda ichki kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish, davolash borasida mamlakatimiz tibbiyoti yutuqlari va xalqaro amaliyot, mazkur sohaga kirib kelayotgan yangi texnologiyalar, dori-darmonlardan foydalanish samaralariga oid ma’ruzalar tinglandi. Mamlakatimiz olimlari va xorijlik mutaxassislar tomonidan shifokorlar va yosh tadqiqotchilar uchun terapiya va tibbiy reabilitatsiyaning muhim masalalari bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi.