Fabio Kannavo: Men uchun futbolchining ismi yoki oʻtmishda nimalarga erishgani hal qiluvchi omil emas
Agar siz oʻzingizni koʻrsata olsangiz, agar siz uchrashuvlarda yaxshi oʻynasangiz, hatto oʻn olti yoshda boʻlsangiz ham sizni terma jamoaga chaqiraman.
O'zbeksiton terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro terma jamoaning muammolari, kuchli jihatlari, oldiga qo'ygan maqsadlari va Osiyo kubogi haqida gapirdi.
"Ha, tayyorgarlik jarayoni rejamiz asosida davom etmoqda. Toʻgʻri, oson boʻlayotgani yoʻq. Buning bir nechta sabablari bor. Masalan, legionerlarimizdan Eron chempionatida oʻynaydigan futbolchilarimiz uch-toʻrt oy davomida rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushishmadi. Shuningdek, ayrimlar jarohatdan tiklanish jarayonini oʻtkazdi. Hozir biz mana shu masalalarni bosqichma-bosqich hal qilish ustida ishlayapmiz. Shunga qaramay, jamoaning ishidan mamnunman. Yigʻinning ilk kunidan boshlab futbolchilar bor kuchini berishga harakat qilishyapti. Qiyinchiliklarga qaramasdan, ular oʻz ustida ishlash va rivojlanishga intilyapti.
Kanadaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvini oʻtkazdik. Oʻyinda albatta ijobiy jihatlar ham boʻldi va kamchiliklar ham kuzatildi. Lekin aytishim kerak, bu oʻyin biz uchun muhim sinov vazifasini oʻtab berdi. Chunki u orqali oldindagi yuqori saviyali raqiblarimiz darajasini yaxshiroq his qilishga harakat qildik. Garchi jahon chempionatida Shimoliy Amerika jamoasiga qarshi oʻynamasak ham, bu oʻyinni oʻtkazishimiz kerak edi. Kanada juda yaxshi saviyadagi raqib hisoblanadi. Men aynan shunday kuchli jamoalarga qarshi oʻynash tarafdoriman. Chunki bunday uchrashuvlar sizga kamchiliklaringizni koʻrsatadi. Tayyorgarlik jarayonida kuchsizroq jamoalar bilan oʻynab, ularni yutishingiz mumkin, ammo bu har doim ham sizga muammolaringizni koʻrish imkonini bermaydi. Shu sababli men aynan shunday raqiblarga qarshi oʻynashni afzal koʻraman.
Bilasizmi, pozitiv tomoni shundaki, biz oʻyinda koʻplab vaziyatlar yaratdik. Gol urish uchun aniq imkoniyatlarimiz boʻldi. Afsuski, ulardan foydalana olmadik. Balki buning sababi, hal qiluvchi pallada biroz omad yetishmaganidir. Lekin eng muhimi, biz oʻsha imkoniyatlarni yarata oldik. Albatta, birinchi boʻlimda yaxshi oʻyin oʻtkazdik, ikkinchi boʻlimda esa jamoaviy harakatlarda biroz xatolarga yoʻl qoʻydik. Shuni tushunishimiz kerakki, agar jamoaviy oʻyinda xatolar qilib, individual harakatlarga oʻtsak, istalgan raqibga qarshi oʻynash qiyinlashadi. Murabbiylar bilan birgalikda oʻyinni batafsil tahlil qildik. Yaxshi jihatlarni ham, kamchiliklarni ham koʻrib chiqdik. Kerakli xulosalarni ham oldik deb oʻylayman. Futbolda shunisi aniqki, agar jamoa boʻlib harakat qilmasangiz, ishingiz biroz murakkablashadi.
Ha, albatta, bunday darajadagi milliy terma jamoalarga qarshi oʻynaganda xato qilmasdan oʻynashga harakat qilishingiz kerak. Chunki bu jahon chempionatlarida raqiblarning saviyasi juda yuqori boʻladi. Ular tezkor, jismonan kuchli va har qanday kichik xatoni jazolay oladi. Siz yoʻl qoʻygan har bir kichik xato gol bilan yakunlanishi mumkin. Shu sababli oldimizdagi ikki hafta davomida raqib jamoalar darajasini toʻgʻri anglashimiz kerak. Bizni aynan shunday darajadagi raqiblar kutib turibdi. Bir jamoa boʻlib harakat qilishimiz, qattiq ishlashimiz va sabrli boʻlishimiz kerak. Oʻyin davomida nazoratni yoʻqotmasligimiz lozim boʻladi. Maydondagi tartib va liniyani saqlab qolishimiz, oʻzimizga boʻlgan ishonchni yoʻqotmasligimiz kerak. Bu, albatta, oson emas, lekin biz butun eʼtiborimizni oʻyinga qaratishimiz kerak.
Ayni vaqtga kelib, futbolchilarning jismoniy holati ancha yaxshilandi. Haqiqatdan ham bu borada sezilarli oʻsish bor. Aynan futbolchilarimiz Yevropadagi mavsumni yaqindagina yakunlashdi, shu sababli ularda biroz charchoq boʻlishi mumkin. Ammo yigʻinning boshidan beri biz bilan birga ishlayotgan futbolchilarning holati ancha yaxshilangan. Ular oʻzlarini ancha yaxshi his qilishyapti va bu davr mobaynida katta oʻsishga erishdi. Tayyorgarlikni boshlaganimizda oldimizda qoʻyilgan asosiy maqsadlardan biri ham shu edi va menimcha, hozir jamoaning jismoniy holati ancha yaxshi darajaga chiqdi. Taʼkidlaganimdek, biz jamoa boʻlib ishlashimiz va maydonda birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Raqiblarni oʻrganish boʻyicha tayyorgarlik ancha oldin boshlangan. Bilasiz, jahon chempionatida ilk uchrashuvimizni Kolumbiyaga qarshi Mexiko shahrida oʻtkazamiz. Mexiko dengiz sathidan baland joylashgani sababli, u yerda imkon qadar kechroq borishga qaror qildik. Odatda bunday balandlik sharoitiga moslashish uchun taxminan yigirma bir kun kerak boʻladi. Shu bois biz uch hafta davomida togʻli hududlarda tayyorgarlik oʻtkazish oʻrniga Mexikoga oʻyin oldidan borishni maʼqul koʻrdik. Biz bunday tajribani 2010-yilda Janubiy Afrikadagi jahon chempionatida ham qoʻllaganmiz. Lekin rostini aytsam, natija unchalik yaxshi boʻlmagani uchun bu safar boshqacha yoʻl tutishga qaror qildim. Aslida biz uchun asosiy eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan jihat ham shu. Bundan tashqari, ob-havo sharoiti ham biroz boshqacha boʻladi. Guruh bosqichidagi uchrashuvlar ichida aynan shu oʻyin usti yopilmaydigan stadionda boʻlib oʻtadi. Shu sababli bu uchrashuvga tayyorgarlik ham biroz oʻzgacha kechadi. Biroq jiddiy muammo koʻrmayapman, chunki Hyuston va Atlantadagi stadionlar yopiq boʻladi. Hatto tush payti oʻynasak ham, harorat taxminan yigirma-yigirma toʻrt daraja atrofida boʻladi. Bu esa futbol oʻynash uchun juda ham qulay sharoit.
Ayrim futbolchilar bilan bogʻliq masalalar ham bor va biz ular ustida ishlayapmiz. Aziz Gʻaniyev soʻnggi uchrashuvda ogʻriq his qildi va biz uni yaqin haftalar ichida safga qaytarishga harakat qilyapmiz. Behruzning holati esa sezilarli darajada yaxshilanmoqda. Yana bir ijobiy jihat shundaki, bizda qoʻshimcha ravishda yana toʻrt nafar futbolchi bor. Men ular bilan gaplashganimda barchasi jamoa bilan qolishni istashini aytdi. Bu men uchun juda katta ahamiyatga ega. Chunki bu har bir futbolchining terma jamoa haqida qaygʻurayotganini, har biri katta orzuga ishonayotganini anglatadi. Men uchun bu juda ham muhim, chunki sentyabr-oktyabr oyida boshlanadigan Osiyo kubugi musobaqasiga tayyorgarligimizni futbolchilar ham chin dildan qoʻllab-quvvatlayotganini koʻrsatadi. Murabbiy sifatida bundan xursandman.
Albatta, tarkibni shakllantirayotganimda oʻtmishga ham eʼtibor qaratdim. Tez orada jamoada oʻn yilga yaqin vaqt davomida oʻynab kelayotgan futbolchilarni ham inobatga oldim. Chunki jahon chempionatiga chiqish yoʻlida xizmat qilgan futbolchilar bu yerda boʻlishga loyiq deb hisoblayman. Lekin mening pozitsiyam juda aniq. Men uchun futbolchining ismi yoki oʻtmishda nimalarga erishgani hal qiluvchi omil emas. Agar siz oʻzingizni koʻrsata olsangiz, agar siz uchrashuvlarda yaxshi oʻynasangiz, hatto oʻn olti yoshda boʻlsangiz ham sizni terma jamoaga chaqiraman. Bunga yaqin ham kelgandim, chunki U-17 va U-19 jamoalarida eʼtiborimni tortgan bir nechta futbolchilarni koʻrdim. Shu bilan birga biz milliy terma jamoa poydevorini ham tayyorlayapmiz. Shuning uchun tarkibda yosh va tajribali futbolchilar oʻrtasida toʻgʻri muvozanat boʻlishi kerak. Chunki tajribali futbolchilar oʻz tajribasini yoshlar bilan boʻlishishi lozim. Yosh futbolchilar uchun ham tajribali futbolchilar bor jamoaga kelish juda muhim, sababi ular yoshlarning oʻsishiga va moslashishiga yordam beradi. Albatta, sentyabr oyidan boshlab Osiyo kubugiga tayyorgarlik koʻrish jarayonida tarkibga yangi kuchlar, yangi futbolchilarni ham jalb qilishimiz kerak boʻladi. Men bu yerga kelganimdan beri bir fikrni takrorlab kelaman: jahon chempionati biz uchun oʻrganish va rivojlanish imkonini beradi. Bu turnir bizga oʻsish uchun xizmat qilishi kerak. Agar yaxshi natijalarga erishsak, bundan juda xursand boʻlamiz. Agar bunday boʻlmasa, biz oʻz ishimizni va boshlagan loyihamizni davom ettiramiz. Chunki biz uchun keyingi muhim maqsad Osiyo kubugi hisoblanadi.
Asosiy kuchimiz aynan shunda boʻlishi kerak: motivatsiya, mehnat va hech qachon taslim boʻlmaslik. Lekin agar men Krishtianu Ronaldoga qarshi maydonga tushsam, menda undan ham kuchliroq ishtiyoq va motivatsiya boʻlishi kerak. Xuddi shuningdek, Kolumbiya yoki Kongo futbolchilaridan ham koʻra koʻproq ishtiyoq bilan oʻynashimiz kerak. Men futbolchilarga ham shuni aytganman. Oldimizda zabt etishimiz kerak boʻlgan katta togʻ turibdi. Albatta, biz uning choʻqqisiga chiqishga harakat qilishimiz kerak va oʻsha choʻqqiga Oʻzbekiston bayrogʻini oʻrnatishga intilishimiz shart. Birinchi navbatda biz bir jamoa boʻlib, maydonda nimalarga qodir ekanligimizni koʻrsata olishimiz, shu bilan birga jangchi ekanimizni namoyish etishimiz kerak. Oʻzbekistonliklar butun dunyoga boks va jangovor sport turlaridagi muvaffaqiyatlar bilan tanilgan. Futbolda ham biz oxirgi soniyagacha kurashadigan jamoa ekanimizni barchaga koʻrsatishimiz kerak. Chunki agar kimdir bizni magʻlub etmoqchi boʻlsa, buning uchun juda qattiq mehnat qilishi kerak.
Sizlar bilan suhbatlashish men uchun doimo yoqimli. Bu yerdagi jarayonlar haqida tushuntirish, odamlarga yetkazib berish albatta muhim. Jamoadagilar ertalab uygʻongan paytdan tortib, tunning kechki soatlarigacha futbolchilarimizga yordam berish uchun tinimsiz ishlayapti. Yana bir narsani muxlislarimiz bilishlarini xohlardim: futbolchilarimiz hatto gʻalaba qozona olmagan taqdirda ham maydonda bor kuchini berishadi. Ular Oʻzbekiston terma jamoasi libosini kiyishdan faxrlanadi va shu libos uchun borini berishga tayyor. Kanadaga qarshi oʻyindan keyin buni yana bir bor koʻrdim. Bu shunchaki oʻrtoqlik uchrashuvi edi. Baʼzida bunday oʻyinlar katta ahamiyatni kasb etmasligi ham mumkin, lekin futbolchilar natijadan qoniqishmadi. Ular bundan juda xafa boʻlishdi, hatto magʻlubiyatni ich-ichidan his qilib, yaxshi uxlay olishmadi. Bu ularning terma jamoaga boʻlgan munosabati va masʼuliyatini koʻrsatadi. Men uchun murabbiy sifatida mana shu omillar juda ham muhim" , - dedi Kannavaro.
O'zbekiston terma jamoasi mundialda Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR bilan bir guruhdan joy olgan.