“F” guruhida intriga saqlanmoqda: Niderlandiya yirik g‘alabaga erishdi
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionatining “F” guruhida Niderlandiya terma jamoasi birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Xyuston shahridagi “En-ar-dji” stadionida futbol bo‘yicha Jahon chempionatining “F” guruhidan o‘rin olgan Niderlandiya va Shvetsiya terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi.
Uchrashuvda niderlandiyaliklar ustunlikni ilk daqiqalardan qo‘lga oldi. Jamoa hujumchisi Brayan Brobbi 5 va 17-daqiqalarda gol urib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga olib keldi. Tanaffusdan keyin esa Kodi Gakpo 47 va 54-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining ustunligini yanada mustahkamladi. 89-daqiqada esa Krisensio Sammervill hisobni yanada yirik ko‘rinishga olib keldi.
Shvetsiya terma jamoasining yagona goliga 59-daqiqada Entoni Elanga mualliflik qildi. Shu tariqa bahs Niderlandiyaning 5:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Mazkur natijadan keyin Niderlandiya terma jamoasi 4 ochko bilan “F” guruhida yakka peshqadamga aylandi. Shvetsiya hisobida esa 3 ochko mavjud bo‘lib, jamoa ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Guruhning ikkinchi tur doirasidagi yana bir uchrashuvida Tunis va Yaponiya terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Ushbu o‘yin 21-iyun kuni mamlakatimiz vaqti bilan soat 09:00 da boshlanadi. Agarda ushbu uchrashuvda yaponiyalik futbolchilar g‘alaba qozona olsa, guruhda ikkinchi o‘ringa chiqib oladi. Biroq, tunislik charm to‘p ustalari zafar quchsa, kuchli uchlikka kiradi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, ikki vaziyatda ham gollar nisbatiga qarab o‘rinlar taqsimalanadi.
21-iyun kungi bahslarni “E” guruhidagi Germaniya — Kot-d’Ivuar uchrashuvi ochib beradi. Soat 01:00 da start oladigan mazkur bahsda g‘olib jamoa pley-off bosqichi yo‘llanmasiga yaqinlashadi. Shuningdek, ushbu guruhning yana bir o‘yinida Ekvador va Kyurasao terma jamoalari soat 05:00 da maydonga tushadi.
Kunning so‘nggi bahsi “H” guruhida bo‘lib o‘tadi. Unda Ispaniya terma jamoasi Saudiya Arabistoniga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv mamlakatimiz vaqti bilan soat 21:00 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA