Ezgulik yo‘lida tolmang ustozim
Toshkent tijorat va tadbirkorlik kasb-hunar kollejida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ana shunday nomlandi.
Toshkent tijorat va tadbirkorlik kasb-hunar kollejida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ana shunday nomlandi.O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yakkasaroy tumani kengashi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda madaniyat va san’at namoyondalari, ilg‘or pedagog-o‘qituvchilar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Toshkent tijorat va tadbirkorlik kasb-hunar kolleji direktori Sh.Doniyorov va boshqalar mamlakatimizda o‘qituvchi kasbini e’zozlash, mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirish, ularning samarali faoliyat yuritishi, ishga ilmiy-ijodiy yondashishi, izlanishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida jahon andozalari asosida maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bunyod qilingani, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlangani, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik hamda axborot texnologiyalari olib kirilgani, darslik hamda qo‘llanmalarning yangi avlodini yaratish, malakali kadrlarni tayyorlash borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar bilimli, sallohiyatli yoshlarning yetishib chiqishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Uzoq yillardan beri o‘qituvchilik qilib kelaman, – deydi Toshkent tijorat va tadbirkorlik kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi X.Abdulazizova. – Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasiga davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilayapti. Buning natijasida kasbimiz ulug‘landi, yanada yuksak sharaf va e’zoz, qadr-qimmat topmoqdamiz. Ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik barchamizni yanada fidoyi bo‘lishga, navqiron avlodga bilim berish, uni tarbiyalashdek ulug‘vor ishga katta mas’uliyat bilan yondashishga, izlanishga undaydi.
Tadbirda yig‘it-qizlarning zamonaviy bilimlarni egallashi, o‘z qiziqishlariga mos sohani tanlab, el-yurt koriga yaraydigan inson bo‘lib voyaga yetishida ustozlarning bilimi, tajribasi, mahorati va jonkuyarligi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Tadbirida taniqli san’atkorlar tomonidan Vatan, ustozlarga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiq va she’rlar ishtirokchilarga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.