Ezgu tashabbuslar farovonlikni yuksaltirishga xizmat qilmoqda
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularni doimiy daromad manbai bilan ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar bugun o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Eng muhimi, bu ezgu tashabbuslar odamlarning hayotida haqiqiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirib, yuzlab oilalarning turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining Tinchlik mahallasida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Umida Safarova tashkil etgan tikuvchilik korxonasi ana shunday ezgu islohotlarning yorqin namunasidir. Mazkur korxona nafaqat muvaffaqiyatli biznes loyihasi, balki mahalladagi xotin-qizlar uchun mehnat, daromad va kelajakka ishonch manbai sifatida ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda korxonada 10 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, zamonaviy tikuv uskunalarida mehnat qilmoqda. Ular ishlab chiqarayotgan sifatli tikuv mahsulotlari orqali o‘z oilalariga munosib daromad keltirib, farzandlarining kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Mehnatga bo‘lgan qiziqish, intizom va mas’uliyat esa korxonaning kun sayin rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Korxonada kasanachilik tizimining samarali yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molik. Ayni paytda 30 nafar xotin-qiz buyurtmalarni korxonadan qabul qilib, o‘z xonadonlarida tikuv ishlarini bajaradi va tayyor mahsulotni topshirish orqali mehnatiga munosib haq olmoqda. Bu tizim, ayniqsa, uy bekalari, kichik yoshli farzand tarbiyalayotgan onalar hamda turli sabablarga ko‘ra ish joyiga qatnay olmaydigan xotin-qizlar uchun juda qulay imkoniyat yaratdi. Eng muhimi, ular o‘z uyidan chiqmagan holda oilaviy daromadini oshirish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifati yuqori bo‘lgani bois buyurtmalar hajmi ham yil sayin ortib bormoqda. Bugungi kunda Toshkent shahri hamda qo‘shni viloyatlardan muntazam buyurtmalar qabul qilinib, mijozlar talabiga mos mahsulotlar tayyorlanmoqda. Bu esa mahalliy tadbirkorlikning raqobatbardoshligi va bozorda munosib o‘rin egallayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, korxonada mehnat qilayotgan xotin-qizlarning o‘rtacha oylik daromadi 4,5–5 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu mablag‘ ularning oilaviy byudjetini mustahkamlash, farzandlarining sifatli ta’lim olishi, turmush sharoitini yaxshilash va kelajakka ishonch bilan qarashi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida ham mazkur korxona faol ishtiroki bilan yana ikki nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi. Bu esa mahallalarda aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga amaliy ko‘mak berish va xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining hayotiy ifodasidir.
Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — har bir mahallani taraqqiyot maskaniga, har bir xonadonni farovonlik o‘chog‘iga aylantirishdir. Tinchlik mahallasidagi mazkur tikuvchilik korxonasi ana shu ezgu maqsadlarning amaliy natijasini yaqqol namoyon etmoqda. Bir tadbirkorning tashabbusi o‘nlab xotin-qizlarning hayotini o‘zgartirib, ularga munosib mehnat, barqaror daromad va ertangi kunga ishonch bag‘ishlamoqda.
Bu kabi ibratli tashabbuslar Yangi O‘zbekistonda inson manfaati hamma narsadan ustun ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Zero, har bir yaratilgan ish o‘rni — bir oilaning farovonligi, har bir qo‘llab-quvvatlangan tadbirkor — mahallaning rivoji, har bir mehnatkash xotin-qizning muvaffaqiyati esa mamlakat taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri