Ezgu tashabbuslar bayrami
FOTOREPORTAJ
Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbirlari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
“Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar doirasida konsert dasturi tashkil etildi. Unda viloyat san’at ustalari, iste’dodli yosh ijrochilar, bolalar musiqa va san’at maktablari tarbiyalanuvchilari hamda taniqli estrada xonandalari ishtirok etib, o‘z chiqishlari bilan tomoshabinlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Jozibali sahna ko‘rinishlari, diltortar kuy-qo‘shiqlar orqali Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va istiqlol g‘oyalari tarannum etildi.
[gallery-31181]
Bayram tadbirlari doirasida “Bolalar harakati” sardorlari tomonidan tayyorlangan ijodiy va amaliy loyihalar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda yoshlarning ilmiy izlanishlari, sportda erishgan yutuqlari, innovatsion g‘oya va loyihalari, shuningdek, turli ijodiy ishlari namoyish qilindi. Ko‘rgazma yosh avlodning bilim va salohiyati, yangilikka intilishi, tashabbuskorligi hamda zamonaviy g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish borasidagi faolligini yaqqol namoyon etdi.
Tadbir davomida “Bolalar harakati” faoliyatida munosib ishtirok etib, tengdoshlarini ezgu tashabbuslar atrofida birlashtirish, turli loyihalarni amalga oshirish va yoshlar faolligini oshirishga hissa qo‘shayotgan sardorlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Bunday tadbirlar yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va yurt taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalash, ularning iste’dod va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA