E’tirofga munosib 35 yillik mehnat
Jizzax shahrida “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining 35 yilligi munosabati bilan bir guruh faollarga esdalik ko‘krak nishonlari topshirildi.
Sharof Rashidov nomidagi Jizzax axborot-kutubxona markazida “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining 35 yilligiga bag‘ishlab tadbir bo‘lib o‘tdi. Marosimda mahalliy ijodkorlar, jurnalistlar va jamoatchilik vakillari qatnashdi. Tantanada yillar davomida matbuot ravnaqiga hissa qo‘shgan insonlarga hurmat ko‘rsatildi.
Tadbirda “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining maxsus muxbiri Abdunabi Aliqulov nashrlarning mamlakat ijtimoiy hayotidagi o‘rni, bosib o‘tgan yo‘li va jamiyat bilan hamnafaslikdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Taqdirlanganlar orasida faxriy jurnalist, taniqli yozuvchi Abdurasul Mamarasulov ham bor. U gazetaning ilk davridan Jizzax viloyati bo‘yicha muxbiri sifatida ish boshlagan. Uning kasbiy faoliyati milliy matbuotimiz tarixidagi muhim bosqichlar bilan uzviy bog‘liq.
[gallery-32185]
– Ko‘p yillik mehnatimizni qadrlab, e’tibor ko‘rsatgan tahririyatga samimiy minnatdorchilik bildiraman. “Xalq so‘zi” tashkil etilgan ilk kunlardanoq viloyatimizdagi voqealarni yoritishga kirishganmiz. O‘sha davrda sharoit og‘ir, imkoniyatlar esa juda cheklangan edi. Shunga qaramay, gazetani o‘quvchilarga yetkazish, dolzarb voqealar haqida xalqqa xolis axborot berish uchun bor kuchimizni safarbar qilardik.
Bugun jurnalistlar zamonaviy texnika, axborot olish va tarqatish imkoniyatlari, qulay ish sharoitlariga ega. Hozirgi avlod vakillariga havas qilaman. Eng quvonarlisi, o‘sha yillarda shakllangan matbuot an’analari davom etmoqda, mehnatimiz esa qadr topyapti. Bunday e’tibor bizga kuch va ilhom bag‘ishlaydi, – deydi Abdurasul Mamarasulov.
Jurnalistika sohasini qo‘llab-quvvatlash va uning taraqqiyoti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatida ham muhim o‘rin tutadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sohani rivojlantirish, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ijodiy faolligini rag‘batlantirish choralari belgilangan. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar matbuotning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jizzaxdagi marosim esa kasbga sadoqat, so‘z mas’uliyati va ustozlar tajribasiga hurmatning yorqin ifodasi bo‘ldi. Faxriy jurnalistlarga ko‘rsatilgan e’tibor nafaqat ularning ko‘p yillik mehnatiga berilgan baho, balki milliy matbuot an’analarini davom ettirayotgan yangi avlod uchun ham ibratdir.
Abdujalol Qayumov, Jamshid Yorbekov(surat),
O‘zA muxbirlari