E’tirof va rag‘bat madad beradi
Davlatimiz rahbarining 2023 yil Buxoroga tashrifi chog‘ida “Qorako‘l kumush kalava” to‘qimachilik fabrikasining yangi liniyasi faoliyatiga start bergan edi. Undan yarim tayyor mato ishlab chiqarish loyihasi doirasida hududning yana 320 nafar aholisi ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Korxona 2023 yilda qiymati 39,1 milliard so‘mga teng yillik quvvati 8 million pogona metr to‘qima mato ishlab chiqardi. Bu esa korxona imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Hozirda korxona nafaqat iqtisodiy foyda keltirmoqda, balki yoshlarni zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashga o‘rgatish, ularning kasbiy malakasini oshirish uchun ham katta imkoniyat yaratmoqda. Shu sababdan ham “Qorako‘l kumush kalava” fabrikasi odamlarning mehnati va orzulari uyg‘unlashib, baraka va yuksalishga eltuvchi maskanga aylanmoqda. Korxona rahbari Asror Mansurov Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni oldidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani ham bejiz emas.
– Prezidentimiz tomonidan klaster faoliyatiga juda katta e’tibor qaratilyapti. Buni qator farmonlar, qarorlar, islohotlarda ko‘rish mumkin. Juda katta yengilliklar, mehnatimizga yarasha korxona faoliyatini tiklash, eksportni yo‘lga qo‘yish uchun imkoniyatlar yaratilgan. Bayram arafasida mehnatimizning e’tirof etilgani, jamoamiz uchun juda katta mukofot bo‘ldi. Bundan ruhlanib keyingi faoliyatimizda ulkan rejalarni belgilab oldik, – deydi Asror Mansurov.
[gallery-26889]
Dastlab, 2019 yilda 3 million AQSH dollarlik mahsulot eksportini amalga oshirgan korxona o‘tgan yili 4.5 million AQSH dollariga yetkazdi. Joriy yil yakuni bilan jamiyat Xitoydan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi dastgohlar yordamida Yevropa davlatlariga eksportni 7 million dollardan oshirish istagida.
– Mahsulotlarni asosan, Rossiya, Turkiya va Yevropaning ayrim davlatlariga eksport qilamiz, – deydi jamiyat ish boshqaruvchisi Bekmurod Norboyev. – Korxonada 400 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Ishchilarning asosiy qismini tuman xotin-qizlar va yoshlar tashkil etadi. Tayyor mahsulotni bo‘yab, tikish sexlariga yuborib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish orqali yana 250-300 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
– To‘quvchi lavozimida ishlayman. Ishimiz asosan mashinkada iplarni ulab, tayyorlanayotgan mahsulot sifatini tekshirishdan iborat. Asosan yoshlar, xotin-qizlar faoliyat olib boradi. Hozirgi kunda shu sohaning ilg‘or yetuk mutaxassislari bizga zamonaviy asbob-uskunalar bilan ishlashni o‘rgatmoqda, – deydi Nilufar Aralova.
Xodimlar uchun yaratilgan qulay mehnat sharoitlari ularning samarali ishlashiga, oilalarning barqaror daromad topishiga zamin yaratmoqda. Bu yerda yiliga o‘n million pogono metr pishiq, sifatli mato va uch ming tonna ip-kalava ishlab chiqariladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.