E’tibor va g‘amxo‘rlik manzili
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash va oila a’zolariga ko‘mak berishga qaratilgan ijtimoiy xizmatlar ko‘lami kengaymoqda. Jumladan, “Yangi kun” kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati nogironligi bo‘lgan shaxslarni kunduzgi vaqtda parvarishlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijtimoiylashuvini qo‘llab-quvvatlash va turli foydali mashg‘ulotlarga jalb etishga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida faoliyat yuritayotgan “Yangi kun” xizmatiga ayni paytda 7 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs qamrab olingan. Bu yerda har bir foydalanuvchining ehtiyoj va imkoniyatlaridan kelib chiqib, kun davomini mazmunli o‘tkazishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
[gallery-31430]
Turli mashg‘ulotlar, muloqot va ijtimoiy faollikka yo‘naltirilgan jarayonlar orqali foydalanuvchilarning qobiliyatini rivojlantirish, kundalik ko‘nikmalarini mustahkamlash va jamiyatga moslashuvini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilmoqda.
Yil yakuniga qadar viloyatda “Yangi kun” xizmatini yanada kengaytirish, 20 nafar tadbirkor bilan bitim tuzish hamda 18 yosh va undan katta 350 nafardan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxsni mazkur xizmatga qamrab olish rejalashtirilgan.
“Yangi kun” kabi ijtimoiy xizmatlarning rivojlantirilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarga kunduzgi parvarish va ko‘mak ko‘rsatish bilan bir qatorda, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, qobiliyatlarini rivojlantirish va jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA