Erta turmush va erta tug‘ruq jamiyat kelajagiga daxldor masala
Qumqo‘rg‘on tumanidagi Boymoqli mahallasida erta nikoh va erta tug‘ruqning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Surxondaryo viloyat oila va xotin-qizlar, viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, mahalla fuqarolari va yoshlar ishtirok etdi.

Davra suhbatida viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Xidirova, Surxondaryo viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik O‘.Eshimova, tuman hokimining o‘rinbosari N.Allanazarov hamda boshqalar mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, har taraflama sog‘lom yosh avlodni kamolga yetkazish, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘z yuritdi. Жамият kelajagida xotin-qizlar salomatligining o‘rni, erta turmush va erta tug‘uruqning onalar va bolalar salomatligi, hayoti va kelajagiga salbiy ta’siriga e’tibor qaratildi. Bu holatlarning oldini olishda ota-ona, ta’lim muassasasi va mahalla hamkorligining ahamiyati to‘g‘risida fikr almashdi.

Davra suhbatida yoshlarga oilaviy hayotga mas’uliyat bilan yondashish, ta’lim olishni davom ettirish, huquq va majburiyatlarini bilish yuzasidan tushuntirishlar berildi. Amaldagi qonunchilik talablari, voyaga yetmaganlar manfaatlarini himoya qilish hamda sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan tadbir viloyatning boshqa tumanlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri