Eron va AQSH o‘rtasidagi maxfiy kelishuv loyihasi oshkor qilindi
Eron agentligi Tehron va Vashington o‘rtasidagi 14 bandlik muhim kelishuv loyihasini oshkor qildi. Yadroviy, harbiy va iqtisodiy masalalarni qamrab olgan bu hujjat mintaqadagi ko‘p yillik ziddiyatga yakun yasay oladimi?
Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehron va Vashington o‘rtasida muhokama qilinayotgan 14 banddan iborat anglashuv memorandumi loyihasini e’lon qildi. Ushbu hujjat yadroviy muammo, harbiy harakatni to‘xtatish va iqtisodiy cheklovni olib tashlash kabi muhim masalalarni nazarda tutgan. Loyihaga ko‘ra, barcha jabhalarda urush zudlik bilan to‘xtatilishi, AQSH Eron suverenitetini hurmat qilishi va Islom Respublikasining ichki ishlariga aralashmasligi lozim.
Shuningdek, bir oy ichida dengiz qamali bekor qilinishi, Hurmuz bo‘g‘ozi faoliyati tiklanishi va Amerika qo‘shinlari Eron chegarasidan olib chiqilishi kabi takliflar kiritilgan. Iqtisodiy sohada Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyani to‘xtatish, mamlakatning moliyaviy resurslarini ochish hamda davlatni tiklash uchun 300 milliard dollarlik dastur yaratish ko‘zda tutilgan. Muzokara doirasida AQSHga yangi sanksiya kiritish va mintaqadagi harbiylar sonini oshirish taqiqlanadi. Yadroviy masala bo‘yicha tomonlar 60 kun ichida yakuniy to‘xtamga kelishi zarur. Bunda Tehron yadroviy qurol ishlab chiqarmaslik majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Eron Tashqi ishlar vazirligi mazkur matn hali rasmiy idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladigan dastlabki xomaki loyihaligini bildirdi. AQSH tomoni esa hujjat yuzasidan hozircha hech qanday rasmiy izoh bergani yo‘q.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA