Eron Hurmuz bo‘g‘ozini ochish shartini ma’lum qildi
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon AQSH tomonidan dengiz qamali va Eronga qarshi harbiy harakatlar to‘xtatilsa, Tehron Hurmuz bo‘g‘ozida xalqaro kema qatnovini qayta tiklashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Islom Respublikasi yetakchisi bu haqda Hindistonning “India Today” telekanaliga bergan intervyusida bildirgan.
Uning ta’kidlashicha, harbiy yo‘l bilan ko‘zlangan maqsadlarga erisha olmagan AQSH endilikda Eronga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirishga urinmoqda.
– Ular urush orqali o‘z maqsadlariga erisha olmayapti, shuning uchun iqtisodiy bosim o‘tkazishga o‘tdi, lekin biz to‘xtamaymiz, -dedi Pizishkiyon.
Dengiz qamali masalasiga to‘xtalgan Eron prezidenti Vashington bu yo‘l bilan ham Tehronga o‘z shartlarini qabul qildira olmasligini ta’kidladi.
– Albatta, dengiz yo‘li hayotimiz bog‘liq bo‘lgan yagona yo‘l emas. Ular bu usul bilan ham o‘z maqsadlariga erisha olmaydi, -dedi u.
Shuningdek, Eron rahbari Hurmuz bo‘g‘ozida xavfsiz kema qatnovini tiklash yuzasidan O‘mon bilan olib borilayotgan muzokaralarga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ma’lum qilishicha, 14-sentabr kuni Maskat shahrida arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Pizishkiyonga ko‘ra, yig‘ilishda Eron va O‘mon o‘rtasida Hurmuz bo‘g‘ozi orqali qo‘shma dengiz yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha kelishuv muhokama qilinishi va bu haqda Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) xabardor qilinishi ko‘zda tutilgan.
O‘mon Tashqi ishlar vazirligining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Maskat va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda Hurmuz bo‘g‘ozida xavfsiz kema qatnovini bosqichma-bosqich tiklash masalasi muhokama qilinmoqda. Tomonlar vaqtinchalik qo‘shma navigatsiya yo‘lagini tashkil etish, bo‘g‘ozni minalardan tozalash bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish, kelgusida doimiy dengiz yo‘lagi va transport harakatini boshqarish mexanizmini ishlab chiqish niyatini bildirgan.
Ayni paytda ushbu kelishuv Hurmuz bo‘g‘ozining darhol va to‘liq ochilishini anglatmaydi. Eron tomoni bo‘g‘ozda kema qatnovini to‘liq tiklash masalasini AQSHning Tehronga nisbatan dengiz qamali va harbiy harakatlarini to‘xtatishi bilan bog‘lamoqda.
IMO ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqadagi vaziyat hamon murakkabligicha qolmoqda. Tashkilot Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi inqiroz boshlanganidan buyon xalqaro kemalarga kamida 70 ta hujum tasdiqlangani, ular oqibatida 19 nafar dengizchi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
13-sentabr kuni Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat yana keskinlashdi. Xalqaro axborot agentliklari mintaqada yana bir tijorat kemasiga hujum qilingani haqida xabar berdi. Bu voqea strategik dengiz yo‘lida xavfsiz kema qatnovini tiklash bo‘yicha diplomatik muzokaralar ahamiyatini yanada oshirmoqda.
O‘.Alimov, O‘zA