Erkinjon Turdimov: Bugun ta’lim sohasida qabul qilayotgan qarorlarimiz kelajak avlod qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishini belgilab beradi
Bugun ta’lim tizimining muvaffaqiyatini universitetlar soni yoki xalqaro kelishuvlar bilan o‘lchashning o‘zi yetarli emas. Eng muhim mezon — yoshlar qanday bilim olayotgani, mehnat bozorida qanchalik raqobatbardosh bo‘layotgani va ta’lim orqali hayotini o‘zgartira olayotgani.
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumida ham aynan shu masalaga alohida e’tibor qaratildi.
Forumning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim va ilm-fan vaziri Erkin Turdimov mintaqaviy hamkorlikni amaliy natijalarga yo‘naltirish, ta’lim sifatini oshirish va yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish muhimligini ta’kidladi.
—Jahon iqtisodiyoti o‘zgarmoqda, texnologiyalar juda tez rivojlanmoqda. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar mehnat bozorini, kasblarni va bilimga bo‘lgan talablarni tubdan o‘zgartirmoqda. Bunday sharoitda ta’lim davlatning ijtimoiy majburiyati bo‘libgina qolmasdan, iqtisodiy qudrati, texnologik mustaqilligi va xalqaro raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik omilga aylanmoqda. Bugun ta’lim sohasida qabul qilayotgan qarorlarimiz ertangi iqtisodiyotimizning rivojlanishi qanday bo‘lishini, kelajak avlodlarimiz qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishini belgilab beradi.
Ayniqsa, bu Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Hech kimga sir emas mintaqamiz asrlar davomida Sharq va G‘arb sivilizatsiyasini bog‘lab turgan, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelgan. Bugun esa Markaziy Osiyo o‘zining yangi taraqqiyot bosqichi sari odimlab bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mintaqamizda o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmatga asoslangan mutlaqo yangi hamkorlik muhiti shakllandi. Ushbu hamkorlik muhiti natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy muloqot faollashib, iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalar borgan sari kengayib bormoqda. Mintaqamiz aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan avlod tashkil etishi esa bizga ulkan demografik va intellektual imkoniyatlar yaratmoqda. Biroq, demografik ustunlik o‘z-o‘zidan iqtisodiy yuksalishga olib kelmaydi. Uni haqiqiy taraqqiyot omiliga aylantirish uchun, avvalo, yoshlarimizni sifatli ta’lim, zamonaviy kasb-hunar va ilg‘or texnologiyalar bilan qurollantirishimiz zarur. Yana shuni aytishim lozimki, diplomning qiymati faqat qaysi universitet tomonidan berilgani bilan emas, balki egasi qanday bilim va ko‘nikmalarga ega ekani bilan belgilanadi.
Mamlakatimizda oliygohlar soni 205 taga, xorijiy universitetlar va ularning filiallari soni 35 taga yetdi. Yoshlarimizni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga yetdi. Tahsil olayotgan yoshlarimizning 55 foizini ayollar tashkil qiladi. Eng quvonarlisi, mahalliy universitetlarimizning nufuzli xalqaro reytinglardagi ishtiroki kengayib, jahon akademik hamjamiyatidagi mavqei mustahkamlanishiga poydevor bo‘lmoqda. Bugungi kunda, Markaziy Osiyo davlatlari bilan bir qatorda, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, AQSH, Germaniya, Polsha, Fransiya, Italiya va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar bilan hamkorligimiz izchil rivojlanmoqda. Bularning barchasi O‘zbekistondagi ta’lim tizimini xalqaro ilg‘or tajriba va zamonaviy bilimlar bilan boyitishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, biz erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolish niyatida emasmiz.

Biz Markaziy Osiyoni jahon ta’lim va ilm-fan xaritasida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar va intellektual hamkorlik jadal rivojlanayotgan mintaqa sifatida ko‘rishni istaymiz. Bu yo‘lda Turkiya, Ozarbayjon, Pokiston, Gruziya, Chexiya Respublikasi va boshqa xalqaro hamkorlarimizning tajribasi hamda ilmiy-akademik imkoniyatlari muhim ahamiyatga ega. Barcha hamkorlarimizni ushbu maqsadlar yo‘lida yanada yaqin muloqot va amaliy sheriklikka taklif etamiz,— dedi vazir.
O‘zA muxbiri
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.