Erkin Gadoyev: "Mahalliy byudjetlar daromad manbai kengaytirilayotgani xalqning munosib hayot kechirishini ta’minlaydi"
2026 yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, mahalliy byudjetlar daromadlarini kamida ikki karra ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi.
Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev shu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi:
– Mahalliy byudjetlar daromadlarini ko‘paytirish maqsadi ijrosini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining “Mahalliy byudjetlar va byudjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, byudjet intizomini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Shu asosda mahalliy byudjetlar daromadlari va qo‘shimcha manba mablag‘lari oshiriladi. Mahalliy ijro etuvchi organlar rahbarlarining vakolatlarini kengaytirish orqali mustaqilligi ta’minlanadi. Mahalliy hokimliklar obodonlashtirish boshqarmalarining barqarorligini oshirish, byudjet intizomiga rioya etilishini kuchaytirish va aholini kommunal xizmatlar bilan uzluksiz va barqaror ta’minlashda mahalliy hokimliklar mas’uliyati oshiriladi.
Mahalliy byudjetlarning daromad manbaini va mahalliy hokimiyat organlarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 2026 yil 1 yanvardan boshlab ilgari to‘liq respublika byudjetiga yo‘naltirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlarining Toshkent shahar mahalliy byudjetiga 5 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar mahalliy byudjetlariga 20 foizi yo‘naltiriladi. Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar esa bundan mustasno.
Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga alkogol mahsulotlarini (bundan pivo mustasno) realizatsiya qilish huquqi uchun hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini (bundan pivo mustasno) realizatsiya qilish huquqi uchun yig‘imlarning cheklangan stavkalarini 20 foizgacha oshirish vakolati berildi. Mazkur yig‘imlardan tushgan tushumlar to‘liq miqdorda tuman (shahar)lar byudjetlariga yo‘naltiriladi.
2026 yildan boshlab, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishdan davlat byudjetiga o‘tkazilishi belgilangan mablag‘lar tegishli tuman (shahar)lar byudjetlariga yo‘naltiriladi.
Dehqon bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlaridan O‘zbekiston Respublikasi byudjetiga tushgan soliqlar ushbu sohadagi hamda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun mazkur bozorlar joylashgan tuman (shahar)lar byudjetlariga o‘tkaziladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida ularning vakolatlari ham kengaytirildi. Xususan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi jamg‘armalar va mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalari mablag‘larining bo‘sh turgan qismini belgilangan tartibda auksion orqali tijorat banklarida depozitga qo‘yish hisobiga qo‘shimcha daromad topishi mumkinligi belgilandi.
Mablag‘larni depozitga qo‘yish tegishli Xalq deputatlari kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi va olingan qo‘shimcha daromadlar to‘liq miqdorda tegishli xalq deputatlari kengashlari qarorlari asosida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalariga, tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armalariga o‘tkaziladi.
Mahalliy byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, albatta, byudjet intizomiga qat’iy rioya qilinishini talab qiladi. Byudjet intizomiga rioya qilinishi, o‘z navbatida, mablag‘larning belgilangan yo‘nalishda sarflanishi va qarzdorliklarni yuzaga kelishining oldini oladi.
Shu maqsadda Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan byudjet xarajatlari parametrlarini shakllantirish va ijro etishda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish, shuningdek, kommunal xizmatlar xarajatlaridan mablag‘lar yetishmovchiligiga yo‘l qo‘yish, mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha manbalari hisobidan normativ-huquqiy asosi bo‘lmagan qo‘shimcha shtat birliklarini saqlash va moliyalashtirish manbai aniq bo‘lmagan tadbirlarni va (yoki) parallel loyihalashtirish, tender savdolarini o‘tkazmasdan amalga oshirilgan qurilish va ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish va kreditor qarzdorliklarga yo‘l qo‘yish qat’iyan taqiqlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar hokimliklariga tegishli mahalliy byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan byudjet tashkilotlarida mavjud shtat birliklarining vazifa va funksiyalarini o‘rganish asosida past samarali va bir-birini takrorlovchi shtat birliklari maqbullashtiriladi.
Maqbullashtirilgan mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar kengashlari qarorlari asosida aholi tomonidan ko‘tarilgan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan bog‘liq dolzarb muammolarni bartaraf etish, shu jumladan, qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish uchun yo‘naltiriladi.
Maqbullashtirilgan mablag‘lardan foydalanish tartibi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomondan ishlab chiqiladi va Senat tomonidan tasdiqlanadi.
Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomalarida belgilangan barcha vazifalar, shuningdek, mahalliy byudjetlarning daromad manbai kengaytirilishi hamda qarorda belgilangan maqsad va vazifalar tuman va shaharlar infrastrukturasini yaxshilashga yo‘l ochadi. Aholiga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanadi, farovonlik oshadi. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, barcha tadbirlar “Inson qadri uchun” xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA