Eng katta soliqdan qarzi bor tashkilot xodimlari ochiqlandi
Mamlakatda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘ini o‘z vaqtida to‘lashiga doir nazorat kuchaytirilmoqda. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 22-iyul holatiga 183 mingdan ortiq tashkilotning qariyb 885 ming nafar xodimida mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha jami 498,7 milliard so‘m qarzdorlik mavjud.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qarzdorlik 1 million 69 ming 710 ta soliq ob’ekti bo‘yicha shakllangan. Shundan 282,8 milliard so‘mi yer solig‘i, 215,9 milliard so‘mi esa mol-mulk solig‘i hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tahlillar qarzdorlikning asosiy qismi tijorat tashkilotlari xodimlari hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatmoqda. Xususan, ular zimmasidagi qarz 387,9 milliard so‘mni tashkil etadi. Byudjet tashkilotlari xodimlarining soliq qarzi 90,8 milliard so‘m, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlariniki esa 20 milliard so‘mga teng.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, xodimlari o‘rtasida eng katta soliq qarzdorligi qayd etilgan tashkilotlar quyidagilar hisoblanadi.
-«Temiryo‘linfratuzilma» AJ 5,6 milliard so‘m,
-«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ 4,2 milliard so‘m,
-«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ 4,1 milliard so‘mni tashkil etgan.
Mol-mulk va yer solig‘ini belgilangan muddatlarda to‘lash fuqarolarning qonuniy majburiyati hisoblanadi. Soliq qarzdorligining saqlanib qolishi penya hisoblanishiga, ayrim holatlarda esa majburiy undirish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois, fuqarolarga shaxsiy soliq majburiyatlarini muntazam ravishda tekshirib borish, qarzdorlik mavjud bo‘lsa, uni imkoni boricha qisqa muddatda bartaraf etish tavsiya etiladi. Bu nafaqat qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarning oldini oladi, balki soliq intizomini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA