Energetika tizimida yozgi iste’mol bo‘yicha rekord yangilandi
Mamlakatimizda kuzatilayotgan yuqori harorat elektr energiyasiga bo‘lgan talabni keskin oshirdi. Natijada 13-iyul kuni respublika bo‘yicha bir sutkalik elektr energiyasi iste’moli 278,6 million kVt·soatga yetib, yozgi mavsum uchun yangi rekord o‘rnatildi. Bu haqda Energetika vazirligi Axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 13-iyul kuni elektr stansiyalari tomonidan jami 281,5 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu yuqori iste’mol sharoitida iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini berdi.
Shu kuni respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 278,6 million kVt·soatni tashkil etib, o‘tgan yozgi mavsumda kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 6 million kVt·soat yoki 2,2 foizga yuqori bo‘ldi. Avvalgi rekord 2025-yil 18-iyul kuni o‘rnatilgan bo‘lib, o‘shanda bir sutkada 272,6 million kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilingan edi.
Yaqin kunlarda havo haroratining yanada ko‘tarilishi sababli elektr energiyasi iste’moli hamda energetika tizimi yuklamasi bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatilishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan energetika korxonalari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgan. Hududlarda maxsus avariya-ta’mirlash brigadalari navbatchilik asosida ish olib borib, elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni imkon qadar qisqa muddatlarda bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda elektr tarmoqlarida yuzaga kelayotgan texnik nosozliklar tufayli elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Dildora Hoshimova fuqarolarni elektr energiyasidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, ayniqsa, elektr tarmoqlariga eng katta yuklama tushadigan soatlarda zarurat bo‘lmagan elektr jihozlarini o‘chirib turish orqali tizimdagi yuklamani kamaytirish mumkin. Bu esa elektr ta’minoti barqarorligini saqlash, tizimning ishonchli ishlashini ta’minlash va ehtimoliy uzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA