Endilikda yakka tartibdagi tadbirkor ham lizing oluvchi bo‘lishi mumkin
Lizing xizmatlari — bu mashina, zamonaviy uskuna, texnika yoki boshqa mol-mulkni uzoq muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida foydalanishga olish usuli hisoblanadi. Mamlakatimizda ushbu xizmatlar ko‘lami yildan-yilga ortib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1 yilda lizing bitimlari 28 foizga oshgan. Bitimlarning 65 foizi qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keladi. Endilikda yakka tartibdagi tadbirkor ham yuridik shaxs singari lizing oluvchi bo‘lishi mumkin.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi moliya bozori infratuzilmasini rivojlantirish, nobank moliyaviy xizmatlar sohasida raqobatni kuchaytirish hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
— Bugungi kunda yurtimizda yakka tartibdagi tadbirkorlar (YATT) soni 284 mingdan oshdi, — dedi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i B.Rajabov. — Ammo ularning lizing xizmatlaridan foydalanishida ayrim to‘siqlar mavjud. Qonun loyihasi bilan Fuqarolik kodeksi hamda “Lizing to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, yakka tartibdagi tadbirkor ham yuridik shaxs singari lizing oluvchi bo‘lishi mumkinligi belgilanmoqda. Ya’ni, balansi mavjud bo‘lmagan YATTga ham lizing xizmati ko‘rsatilishi mumkin. Bu esa YATTlarga zarur texnika va uskunalarni lizing asosida jalb qilish imkonini yaratadi.
Shuningdek, lizing oluvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan hollarda lizing ob’ektini lizing beruvchining balansida hisobga olish belgilanmoqda. Lizing shartnomasida esa mol-mulkka egalik qilish, amortizatsiyani hisoblash tartibi, ob’ektdan foydalanish shartlari va cheklovlari aniq ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda jismoniy shaxslar lizing xizmatidan foydalana olmasligi aytib o‘tildi.
Muhokamalar davomida bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va tegishli javoblar qaytarildi. Ta’kidlanganidek, loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar yakka tartibdagi tadbirkorlarning muqobil moliyalashtirish manbalariga kirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA