Endi o‘rta ta’limda “sifat indeksi” joriy etiladi – Prezident
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ham fan olimpiadalari yo‘lga qo‘yiladi. Kelasi yildan 4-sinflar olimpiadasining tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan bolalar kompyuter oladi. Ularning ustozlariga tuman bosqichi uchun 10 million, viloyat uchun 50 million, respublika uchun 100 million so‘m mukofot beriladi.
Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabning bittadan sinfida matematika, informatika va tabiiy fanlar to‘liq ingliz tilida o‘qitiladi. Loyihaga jalb etilgan o‘qituvchilar hamda maktabga tayyorlov guruhi pedagoglarining maoshiga 100 foiz ustama qo‘shiladi.
– Endi o‘rta ta’limda “sifat indeksi” joriy etiladi,– dedi Prezidentimiz.
Maktablar pedagogik jamoaning salohiyati hamda o‘quvchilarning ta’lim va tarbiyadagi natijalariga qarab toifalarga ajratiladi.
Ilg‘or maktab boshqa maktablarga o‘z tajribasini o‘rgatib, ularni yuqori toifaga olib chiqsa, uning pedagogik jamoasi 30 foiz ustama oladi.
Yig‘ilishda investitsiyalarning hajmi bilan birga sifati, tarkibi va iqtisodiyotga beradigan samarasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqinda sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon Andijonda 7 milliard dollar investitsiya va kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rniga aylanishi kerakligi ta’kidlandi.
O‘zA