Elektrdan qarz qimmatga tushdi
Elektr energiyasidan foydalanish — huquq, ammo uning haqini o‘z vaqtida to‘lash majburiyatdir. Bu talabga beparvo munosabat esa moliyaviy yo‘qotishlar bilan birga mulkning xatlanishigacha olib kelishi mumkin. Sirdaryo viloyatidagi navbatdagi ijro harakati buning yaqqol isboti bo‘ldi.
Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudining 2026-yil 26-yanvardagi qaroriga asosan “F.S.” korxonasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi foydasiga 50 million 835 ming so‘m elektr energiyasi uchun qarzdorlikni undirish belgilangan. Sud qarori ijrosini ta’minlash Majburiy ijro byurosining Sayxunobod tuman bo‘limi tomonidan amalga oshirildi.
Dastlab qarzdorga ijro hujjatini ixtiyoriy tartibda bajarish uchun qonunchilikda belgilangan muddat berildi. Shu bilan birga, talab bajarilmagan taqdirda qo‘llaniladigan majburiy ijro choralari haqida ham rasmiy ravishda ogohlantirildi.
Biroq belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmadi. Shundan so‘ng davlat ijrochilari tomonidan qarzdor korxonaga tegishli «Treker» rusumli avtomashina xatlanib, jarima maydoniga joylashtirildi.
Ko‘rilgan ushbu chora kutilgan natijani berdi. Korxona 50 million 835 ming so‘m qarzdorlikni to‘liq qopladi va undirilgan mablag‘ “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasining hisob raqamiga o‘tkazildi.
Majburiy ijro byurosida ta’kidlanganidek, sud qarorlari va ijro hujjatlarini o‘z vaqtida va ixtiyoriy bajarish mulkning xatlanishi, qo‘shimcha xarajatlar hamda boshqa huquqiy oqibatlarning oldini oladi. Aks holda qonun talablari asosida majburiy ijro choralari qo‘llanilishi muqarrar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri