Elektr tarmoqlarida yo‘qotishlar qanday kamaytiriladi?
Fanlar akademiyasi olimlaridan yangi tashabbus.
«Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida»gi Qonun talablaridan kelib chiqqan holda, Fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti olimlari va tadqiqotchilari tomonidan muhim tadqiqot o‘tkazildi.
Jizzax magistral elektr tarmoqlari filialining 110/10 kV «Chilonzor» podstansiyasida olib borilgan izlanishlar davomida elektr tarmog‘idagi yo‘qotishlar darajasi, transformator yuklanish rejimi, reaktiv quvvat balansining holati hamda izolyatsiya resursining eskirish ko‘rsatkichlari chuqur tahlil qilindi.
Tadqiqotlar natijasida bir qator ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqildi. Xususan, reaktiv quvvatni kompensatsiyalovchi qurilmalarni o‘rnatish orqali quvvat koeffitsiyenti ko‘rsatkichini me’yoriy darajaga yaqinlashtirish, SCADA tizimi asosida masofadan boshqarish va real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyatlarini joriy etish, shuningdek, yuklama grafigini optimallashtirish maqsadida iste’mol profilini raqamli modellashtirish shular jumlasidandir.


Ushbu ilmiy asoslangan yechimlarning amaliyotga joriy etilishi texnik yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirish, elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish hamda mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
O‘zA