Elektr ta’minotida qonuniylik va xavfsizlik nazoratda
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan hududlarda nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Bu jarayonda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, elektr tarmoqlarining texnik holati, energiya samaradorligi va energetika ob’ektlarida xavfsizlik talablariga rioya etilishi ham o‘rganilmoqda.
Xususan, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida fuqaro T. Ye. ga qarashli korxonaning elektr qurilmalari o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelingani aniqlandi. Natijada elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 145 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Shu kabi holat Navoiy viloyatining Nurota tumanida ham aniqlandi. Nazorat tadbirida “O. Q.” MCHJga qarashli suv nasoslari hisoblagichining ulanish sxemasi o‘zgartirilib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu qoidabuzarlik oqibatida elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 12 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
– Energetika sohasida nazorat tadbirlarini kuchaytirish bilan birga, elektr energiyasidan oqilona va qonuniy foydalanish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish hamda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday chora-tadbirlar elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish, energiya resurslarini tejash va iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Inspeksiya axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev.
Mazkur jarayonda energiya resurslaridan oqilona foydalanish va sarfni kamaytirishga ham ahamiyat berilyapti. Jumladan, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yoqilg‘i-energetika resurslarini ko‘p iste’mol qiluvchi sanoat korxonalarida energiya auditlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda mazkur toifadagi korxonalarning 6 tasi energiya auditini o‘tkazish huquqiga ega vakolatli tashkilotlar bilan shartnomalar rasmiylashtirgan, tumandagi metall konstruksiyalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada esa energiya auditi boshlangan.
Energiya samaradorligi bilan bir qatorda, elektr tarmoqlarining texnik holati va aholiga elektr energiyasini barqaror yetkazib berish masalalari ham nazoratda. Namangan viloyatining Davlatobod tumanida qurilish-ta’mirlash ishlari, jumladan, transformator punktlaridagi mukammal ta’mirlash jarayonlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi. “Nurobod” MFY hududidagi 352-sonli transformator punkti mukammal ta’mirlandi, eskirgan yog‘och ustunlar va elektr uzatish kabellarini zamonaviy temir-beton ustunlar hamda SIP rusumidagi izolyatsiyalangan kabellarga almashtirish ishlari boshlandi.
Energetika ob’ektlarida xavfsizlik talablariga rioya etilishi ham alohida e’tiborda. Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi 5419-sonli transformator punktida ta’mirlash ishlarini olib borayotgan brigada xavfsizlik texnikasi qoidalariga zid ravishda himoya vositalarisiz ishlayotgani aniqlanib, brigada ish joyidan chetlashtirildi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur nazorat va amaliy chora-tadbirlar elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishning oldini olish, energiya resurslaridan samarali foydalanish, elektr tarmoqlarining ishonchliligini oshirish hamda energetika ob’ektlarida xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlashda juda muhim.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA