Elektr stansiyalar faoliyati o‘rganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari 2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturida belgilangan ekologik vazifalarning bajarilishi hamda hududda ekologik barqarorlikka erishish maqsadida Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida joylashgan “Enersok” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurishdi.
Tashrif chog‘ida korxona negizida barpo etilayotgan 1573 MVt quvvatga ega “Sirdary-2 CCGT” bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishi loyihasi bilan ham tanishildi. Keyin Shirin shahri va Boyovut tumanidagi qiymati 1,1 milliard AQSH dollariga teng va quvvati 1500 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi faoliyati tahlil qilindi. Loyiha Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, hozirda stansiya to‘liq quvvat bilan ishlamoqda.

Mazkur loyihalar nafaqat Sirdaryo viloyati, balki butun mamlakatning energetik xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Elektr stansiyasi sanoat korxonalari va aholi uchun barqaror va ishonchli energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi, bu esa ishlab chiqarish hajmini oshirish va investitsiyalarni jalb qilishga imkon beradi.

Stansiya eng ilg‘or texnologiyalar asosida qurilgan bo‘lib, xalqaro ekologik standartlarga to‘liq mos keladi. Chiqindilarning kamligi va havoga chiqariladigan zararli moddalarning cheklanganligi tufayli u mamlakatdagi ekologik jihatdan toza issiqlik elektr stansiyalaridan biri hisoblanadi. Ishchi guruh stansiya atrofida “yashil belbog‘”lar tashkil etish va ekologik monitoringni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Loyiha doirasida kadrlar tayyorlash tizimi ham takomillashtirilmoqda. Shirin energetika kollejida “ACWA Power” kompaniyasi buyurtmasi asosida maxsus dasturlar orqali malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Matematika, fizika, kimyo, informatika va ingliz tili fanlari xalqaro standartlarga muvofiq o‘qitilmoqda. Kompaniyaning 2,8 million dollarlik homiyligi hisobiga zamonaviy laboratoriyalar, ustaxonalar va yotoqxona barpo etilgan.

Ishchi guruh o‘rganishlar jarayonida soha xodimlariga mavjud elektr energiya ishlab chiqarish korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini minimallashtirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash choralarini yanada kuchaytirish muhimligini ta’kidladi hamda mas’ullarga tegishli tavsiyalar berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri