Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishga chek qo‘yilmoqda
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish hamda energetika ob’ektlarida xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik bilan bog‘liq holatlar qayd etilmoqda.
Xususan, Andijon viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 3 ta holat aniqlangan. Jumladan, Andijon shahrida YATT Q.Sh.ga qarashli noturar binoda elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 725 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelingani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, Paxtaobod tumanida YATT N.Sh.ga qarashli binoda elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati qayd etilgan. Mazkur qoidabuzarlik natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 480 million so‘mlik zarar yetkazilgan. Asaka tumanida esa “R. M.” MCHJga qarashli noturar binoda xuddi shunday qoidabuzarlik aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holatda keltirilgan zarar 136,6 million so‘mni tashkil etgan.
Nazorat tadbirlari jarayonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari bilan bir qatorda, energetika ob’ektlarida xavfsizlik talablariga rioya etilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Jizzax viloyatidagi energetika ob’ektlarida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari o‘rganilganda, Sharof Rashidov tumanida joylashgan 393-sonli transformator punktida ish olib borayotgan brigada xavfsizlik texnikasi qoidalariga zid ravishda himoya vositalarisiz ishlayotgani aniqlangan.
Inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ushbu holat yuzasidan brigada ish joyidan chetlashtirilgan.
Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari boshqa hududlarda ham davom ettirilmoqda. Jumladan, Buxoro shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida “B. Y. M. F.” korxonasiga qarashli binoda elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelingani aniqlangan. Natijada elektr ta’minoti korxonasiga 390 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ham shunday qoidabuzarliklar qayd etilgan. Xovos tumanida “M. Ye. X.” MCHJga qarashli noturar bino elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 260 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘lgan.
Sirdaryo tumanida “A. B. Z.” korxonasiga qarashli binoda ham elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati aniqlangan. Mazkur qoidabuzarlik natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 330 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA