Eksportchi korxonaga bojxonadan amaliy ko‘mak
Buxoro viloyatida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish va ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Bu yo‘nalishda davlat organlari va xususiy sektor o‘rtasidagi samarali hamkorlik iqtisodiy taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlarning yana bir amaliy namunasi sifatida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov tomonidan Qorako‘l kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan “MGM TEKS BUKHARA” mas’uliyati cheklangan jamiyatida sayyor o‘rganish tashkil etildi.
Mazkur korxona joriy yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, xorijdan import qilinayotgan ip-kalavani qayta ishlash orqali qurilish sohasida keng qo‘llaniladigan ishchi qo‘lqoplar ishlab chiqarish va ularni tashqi bozorlarga eksport qilishga ixtisoslashgan. Qisqa vaqt ichida korxona o‘zining yuqori ishlab chiqarish salohiyati va eksportbop mahsulotlari bilan iqtisodiy faollikning muhim ishtirokchisiga aylanishga ulgurdi.
Tadbirkorlik sub’ekti vakillari tomonidan ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish hamda import qilinayotgan xomashyoni “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi asosida rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy yordam so‘raldi. Murojaatni ijobiy hal etish maqsadida bojxona rahbariyati va mutaxassislar korxonaga bevosita tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

O‘rganishlar davomida mazkur bojxona rejimi korxona faoliyati uchun qanchalik samarali ekani atroflicha tahlil qilindi. Mutaxassislar tomonidan tadbirkorlarga ushbu rejimning huquqiy asoslari, iqtisodiy afzalliklari va amaliy tartib-taomillari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
“Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi import qilinayotgan xomashyoni mamlakat hududida qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida eksport qilish imkonini beradi. Bu esa tadbirkor uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim ustunliklarni ta’minlaydi. Ya’ni aylanma mablag‘lardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish, eksport raqobatbardoshligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy sanoat zanjirini mustahkamlashdan iborat.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, “MGM TEKS BUKHARA” MCHJning mavjud ishlab chiqarish jarayonlari va eksport yo‘nalishi ushbu rejim talablariga to‘liq mos keladi. Bu esa yaqin kelajakda korxona uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishi mumkin.

E’tiborlisi, korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 10 million juft qo‘lqopni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich nafaqat Qorako‘l tumani, balki butun viloyat sanoat salohiyati uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Korxona investori Yuliya Manuylovaning ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar qariyb 400 ming AQSH dollari miqdoridagi eksport operatsiyalari to‘liq “Eksport uch qadamda” tizimi orqali rasmiylashtirilgan. Bu esa mamlakatimizda eksport jarayonlarini raqamlashtirish va soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi global iqtisodiyot sharoitida mamlakat taraqqiyotini ta’minlaydigan asosiy omillardan biri — yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishdir. “MGM TEKS BUKHARA” kabi korxonalar aynan shu maqsadga xizmat qilib, import xomashyosini yuqori qiymatli tayyor mahsulotga aylantirmoqda.
Bu kabi tashriflar esa davlat organlarining nazorat qiluvchi emas, balki tadbirkorning ishonchli hamkori sifatida faoliyat yuritayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri