Eksport va ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim qadam
Yurtimizda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi imkoniyatlarini kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish, ularni qiynayotgan masalalarni joylarga chiqqan holda o‘rganish va qonunchilik doirasida tezkor hal etish borasida bojxona organlari tomonidan samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov rahbarligida tadbirkorlik sub’ektlari muammolarini o‘rganish va ularni ijobiy hal etishga qaratilgan navbatdagi sayyor uchrashuv tashkil etildi. Bu galgi o‘rganishlar to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Bukhara Natural Product” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur korxona bugungi kunda hududdagi eksportyor korxonalardan biri sifatida faoliyat yuritib, paxta xomashyosini qayta ishlash orqali yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Xususan, jamiyat tomonidan 2025–2026-yillar mobaynida qiymati qariyb 3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 620 tonna paxtadan tayyorlangan kalava ip, turli xil gazlamalar hamda trikotaj matolari ishlab chiqarilib, Rossiya, Pokiston, Armaniston va Qozog‘iston kabi davlatlarga eksport qilingan.

Uchrashuv davomida korxona rahbariyati tomonidan “bojxona hududida qayta ishlash” rejimidan foydalanish istagi bildirildi. Mazkur murojaat Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i tomonidan shaxsan joyiga chiqqan holda atroflicha o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida korxonaning ishlab chiqarish quvvati, zamonaviy texnologik imkoniyatlari, eksport hajmi va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, mazkur rejimdan foydalanish orqali korxona faoliyatini yanada kengaytirish, eksport ko‘rsatkichlarini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Sayyor uchrashuv yakunida tadbirkorning “bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga oid murojaati shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Bojxona organlari mas’ullari tomonidan ushbu rejimning afzalliklari, qonunchilikda belgilangan tartiblar va ishlab chiqaruvchilar uchun yaratilgan yengilliklar yuzasidan ham batafsil tushuntirishlar berildi.
Bu kabi amaliy uchrashuvlar tadbirkorlar bilan davlat idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va milliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, bunday yondashuv yurtimizda eksportga yo‘naltirilgan korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA