Ekologik talablarga rioya qilish holati o‘rganildi
Bugun yurtimizda yashil hududlarni kengaytirish, hududlarning iqlim sharoitiga mos buta va daraxt ko‘chatlarini ko‘paytirish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Zero, dolzarblashib borayotgan ekologik muammolar ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni jadallashtirishni taqozo etadi.
Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi ijrosi bilan tanishish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiya fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev hamda deputat Sapargul Utemuratova Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, qator o‘rganish ishlarini olib borishmoqda.
Xalq vakillari Beruniy tumanidagi Jayhun mahallasida bo‘lib, bu yerdagi «Xodjayev Hakimboy» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur MCHJ tomonidan chiqindilarni qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani deputatlarning e’tiborini tortdi.
— Chiqindilarni qayta ishlash va ularni resursga aylantirish atrof-muhitni asrash, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish nuqtai nazaridan muhim, — deydi Ekopartiya yetakchisi A.Hamzayev. — Biroq, bunday faoliyat aholiga noqulaylik tug‘dirmasligi, tadbirkorlik manfaatlari bilan bir qatorda fuqarolarning manfaatlari ham ta’minlanishi lozim. Shu maqsadda tuman hokimligiga korxona uchun aholi yashash hududidan chekkaroq joydan yer ajratish, zarur infratuzilmani yaratib berish, tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish va rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha taklif kiritadigan bo‘ldik. Bu, bir tomondan, tadbirkorlik faoliyatini kuchaytirishga imkon bersa, ikkinchi tomondan, mahalla aholisi uchun qulay va xavfsiz muhitni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, deputatlar Beruniy tumanida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdilar.
Yaqinda davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu loyihaning kuzgi mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, har tomonlama marrani yuqori olish ta’kidlanib, viloyat, tuman hokimlari hamda boshqa tegishli mutasaddilarga hudud iqlimiga mos ko‘chat zaxiralarini tayyorlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Tumanda mazkur topshiriqlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilar ekan, Beruniy davlat o‘rmon xo‘jaligida 26 gektardan ziyod yer maydonida Qoraqalpog‘iston iqlimiga mos katalpa, yasin, aylant, qayrag‘och, oq akatsiya, jiyda, tut, qora tol, terak kabi ko‘chatlar zaxirasi yetishtirilayotganiga guvoh bo‘lindi. Ma’lum qilinganidek, Beruniy davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan "Yashil makon" umummilliy loyihasi uchun yiliga 500 ming tupdan ziyod ko‘chat yetkazib berilmoqda.
Muloqotlar davomida mutasaddilarga ko‘chatlarni ekish maydonlariga zararsiz yetkazib berish, hudud iqlimiga mos ko‘chat navlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA