“Billur” mahallasi zamonaviy qiyofa kasb etdi
Yunusobod tumanidagi “Billur” mahallasida “Obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yakunlanib, yaratilgan sharoitlar aholi ixtiyoriga topshirildi.
Dastur doirasida mahallaning yo‘l va muhandislik infratuzilmasi yangilanib, hudud aholi uchun yanada qulay va zamonaviy maskanga aylantirildi. Xususan, 1 400 kvadrat metr ichki yo‘l asfaltlandi, 2 130 kvadrat metr piyodalar yo‘lagiga bruschatka yotqizildi. Shuningdek, 2 380 metr yangi bordyur va 340 metr lotoklar o‘rnatildi.
Mahalla hududida kechki vaqtda xavfsiz harakatlanish uchun 44 ta zamonaviy yoritish ustuni ham o‘rnatildi.

Obodonlashtirish ishlarida aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun ham alohida e’tibor qaratildi. Bolalar uchun 4 ta zamonaviy o‘yingoh, yoshlar uchun universal futbol maydonchasi hamda vorkaut maydonchasi barpo etildi.
Mahallada madaniy hordiq chiqarish uchun amfiteatr, favvora va 7 ta shiyoponcha tashkil qilindi. Keksa avlod vakillari uchun esa alohida “Nuroniylar maskani” barpo etildi. Hudud bo‘ylab 61 ta o‘rindiq va shuncha chiqindi qutisi o‘rnatilib, aholi uchun qulayliklar yanada oshirildi.


Loyiha doirasida mahallaning tashqi qiyofasiga ham yangicha tus berildi. Ko‘p qavatli uylarning 65 510 kvadrat metrlik fasad qismi to‘liq bo‘yalib, binolar zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
“Yashil makon” tamoyili asosida 11 600 kvadrat metr maydonga gazon ekildi. Ularni muntazam parvarishlash maqsadida xuddi shu maydonda avtomatlashtirilgan sug‘orish tizimi ishga tushirildi. Shuningdek, hududni suv bilan ta’minlash uchun yangi artezian qudug‘i barpo etildi. Mahallaga 180 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ham ekildi.

Shu tariqa, “Billur” mahallasida amalga oshirilgan ishlar natijasida nafaqat hududning tashqi qiyofasi yangilandi, balki aholi uchun dam olish, sport bilan shug‘ullanish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish imkoniyatlari ham kengaydi.
Mahalladagi bunday o‘zgarishlar aholi uchun qulay va obod muhit yaratish, yashash sharoitlarini yaxshilash hamda fuqarolarning roziligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar samarasi bo‘lmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA