Iqtisodiy o‘sishning eng muhim tayanchi – investitsiyaviy faollik
Mustaqillikning dastlabki bosqichida O‘zbekiston uchun asosiy vazifa milliy iqtisodiyotni shakllantirish va uning barqaror ishlashini ta’minlash edi.
Bu davrdagi iqtisodiy siyosatning muhim xususiyati – bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tish bilan birga makroiqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga intilish bo‘ldi. Mamlakatning ishlab chiqarish salohiyati saqlab qolindi, ichki bozorni asosiy tovarlar bilan ta’minlash imkoniyatlari kengaytirildi, xususiy tadbirkorlik va fermerlik uchun institutsional asoslar shakllantirildi.
2017-yildan e’tiboran mamlakat iqtisodiy siyosatining mazmun-mohiyati va islohotlar sur’atida tub burilish davri boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyotni liberallashtirish va tashqi dunyoga ochishga qaratilgan keng ko‘lamli yangilanishlar bosqichi amalga oshirildi. Xususan, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, tashqi savdo tizimining soddalashtirilishi hamda soliq va bank sohalaridagi tub islohotlar iqtisodiy muhitni sezilarli darajada yaxshiladi. Shu bilan birga, tadbirkorlik yo‘lidagi ma’muriy to‘siqlarning qisqartirilishi xususiy sektor va xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Ayniqsa, valyuta siyosatining liberallashtirilishi iqtisodiyotning tashqi bozor bilan aloqalarini kuchaytirish uchun muhim shart-sharoit yaratdi. Korxonalarning valyuta resurslaridan foydalanishi yengillashdi, eksport-import operatsiyalari uchun imkoniyatlar kengaydi. Bu jarayon keyingi yillarda investitsiya va tashqi savdo ko‘rsatkichlarining jadal o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri bo‘ldi.
Ikki bosqichning umumiy natijasini iqtisodiyotning uzoq muddatli dinamikasi orqali baholash mumkin. 2000-yilda 13,7 milliard dollar bo‘lgan yalpi ichki mahsulot 2025-yilda 147,1 milliard dollarga yetdi. Aholi jon boshiga YAIM esa 557 dollardan 3 881 dollarga oshdi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakat iqtisodiyotining ko‘lami so‘nggi 25 yilda sezilarli kengayganini ko‘rsatadi. Dollardagi nominal qiymatlar valyuta kursi va narxlar dinamikasi ta’sirida o‘zgarishini inobatga olgan holda ham, iqtisodiyotning ishlab chiqarish va ichki bozor salohiyati ancha yuqori darajaga ko‘tarilgani aniq.
Iqtisodiy o‘sishning muhim tayanchi investitsiyaviy faollikning kuchayishi bo‘ldi. Asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2000-yildagi 0,7 trillion so‘mdan 2025-yilda 591,1 trillion so‘mga yetdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi esa 2017-yildagi 4,5 milliard dollardan 2025-yilda 43,1 milliard dollarga ko‘tarildi.
Investitsiyalarning o‘sishi iqtisodiyotda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, infratuzilmani yangilash va texnologik modernizatsiya uchun moliyaviy baza kengayganini anglatadi. Shu bilan birga, investitsiyalarning keyingi bosqichdagi samarasi ularning hajmidan ko‘ra, qanday tarmoqlarga kiritilayotgani va qancha qo‘shilgan qiymat yaratayotgani bilan belgilanadi. Bu masala 2030-yilgacha bo‘lgan iqtisodiy siyosatda alohida ahamiyat kasb etadi.
Sanoatdagi o‘zgarishlar iqtisodiyotning tarkibiy transformatsiyasini yanada aniqroq ko‘rsatadi. Sanoatda qo‘shilgan qiymat 2010-yildagi 8,8 milliard dollardan 2025-yilda 36,5 milliard dollarga yetdi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi ham 1,6 trillion so‘mdan 52,6 trillion so‘mga oshdi. Bu sanoat ishlab chiqarishining iqtisodiyotdagi salmog‘i ortib, xomashyoni qayta ishlash va ichki ishlab chiqarish zanjirlari kengayganini ko‘rsatadi.
Eksportdagi o‘zgarishlar esa iqtisodiyotning tashqi bozorga integratsiyasi nuqtai nazaridan muhimdir. Oltinsiz eksport hajmi 2016-yildagi 9,3 milliard dollardan 2025-yilda 24 milliard dollarga yetdi. Eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi 26 foizdan 52 foizga oshdi. Demak, eksport o‘sishining muhim qismi uning tarkibiy o‘zgarishi bilan bog‘liq. Qayta ishlangan mahsulotlar ulushining ortishi tashqi bozorda yuqoriroq qo‘shilgan qiymat yaratish va milliy ishlab chiqaruvchilarning global qiymat zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirish imkonini beradi.
Energetikadagi natijalar ham iqtisodiy o‘sish uchun zarur infratuzilma shakllanganini ko‘rsatadi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish 2000-yildagi 46,8 milliard kilovatt-soatdan 2025-yilda 86,9 milliard kilovatt-soatga yetdi. Ishlab chiqarish va aholi ehtiyojlarining o‘sishi sharoitida energiya ta’minotini kengaytirish sanoat loyihalarini amalga oshirish va yangi investitsiyalarni qabul qilish imkoniyatlarining muhim shartiga aylandi.
Shu tariqa, mustaqillik yillarida iqtisodiyotning asosiy ko‘rsatkichlari bilan bir qatorda uning rivojlanish mexanizmi ham o‘zgardi. Dastlab milliy iqtisodiy tizim va uning barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan vazifalar ustuvor bo‘lgan bo‘lsa, keyingi bosqichda iqtisodiyotni ochish va liberallashtirish jarayoni tezlashdi. Natijada bugungi O‘zbekiston iqtisodiyoti kattaroq ichki bozor, yuqori investitsiyaviy faollik, kengayib borayotgan sanoat bazasi va diversifikatsiyalanayotgan eksport salohiyatiga ega.
Yangi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar ana shu iqtisodiy bazaga tayangan holda shakllangan. Ularning umumiy xususiyati – iqtisodiyot hajmini oshirish bilan birga, o‘sish manbalarini diversifikatsiya qilish va mahsuldorlikni oshirishga qaratilganidir.
Eng yirik maqsad – 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish, aholi jon boshiga YAIMni esa 5,8 ming dollardan yuqori darajaga yetkazish. 2025-yildagi 147,1 milliard dollarlik ko‘rsatkichdan kelib chiqib, bu marra iqtisodiyotning keyingi besh yilda yuqori sur’atlarda o‘sishini talab etadi. Biroq bunday o‘sishni ta’minlash uchun avvalgi davrdagi resurslar va investitsiyalarni ko‘paytirishning o‘zi yetarli emas. Mehnat unumdorligini oshirish, xususiy investitsiyalarni kengaytirish, texnologik yangilanishni tezlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli tarmoqlarni rivojlantirish zarur. Aholi jon boshiga YAIMning 5,8 ming dollardan oshirilishi esa iqtisodiy o‘sishning aholi farovonligi bilan bog‘liq natijalarini kuchaytirishni taqozo etadi. Sanoatda qo‘shilgan qiymatni 60 milliard dollarga yetkazish ham shu vazifaning bir qismi.
2025-yildagi 36,5 milliard dollarlik daraja bilan taqqoslaganda, bu sanoatda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bilan birga, bir birlik resursga to‘g‘ri keladigan iqtisodiy qiymatni oshirishni talab qiladi. Buning uchun xomashyoni chuqur qayta ishlash, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, texnologik uskunalarni yangilash va mahalliy korxonalarning xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirishini kengaytirish muhim. Shu nuqtai nazardan, sanoatdagi o‘sishning asosiy ko‘rsatkichi ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi emas, balki yaratilgan qo‘shilgan qiymat va mehnat unumdorligi bo‘lib boradi.
Eksport bo‘yicha 2030-yilga qadar oltinsiz eksport hajmini har yili o‘rtacha 15 foizga oshirish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini 70 foizga yetkazish vazifasi belgilangan. 2025-yilda tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi 52 foiz bo‘lganini hisobga olsak, yangi marra eksport tarkibini yanada yuqori qayta ishlangan mahsulotlar tomon o‘zgartirishni talab qiladi.
Bu vazifa sanoat siyosati bilan bevosita bog‘liq. Tashqi bozorlarda barqaror o‘rin egallash uchun korxonalar mahsulot sifatini xalqaro talablarga moslashtirishi, logistika xarajatlarini pasaytirishi, ishlab chiqarish unumdorligini oshirishi va tashqi bozorlardagi talab o‘zgarishlariga tez javob bera olishi kerak. Shu sababli eksportning o‘sishi mamlakatning ishlab chiqarish va raqobat muhitidagi o‘zgarishlarning muhim indikatoriga aylanadi.
Investitsiya siyosatida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini yillik o‘rtacha 5–7 foizga oshirish maqsad qilingan. Bunda asosiy vazifa kapital oqimini saqlab qolish bilan birga, uni yuqori texnologik ishlab chiqarishlar, eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlar va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarga jalb qilishdan iborat. Investitsiyaning iqtisodiy samarasi yangi korxona yoki ishlab chiqarish quvvatining o‘zi bilan emas, balki uning mehnat unumdorligi, eksport va mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyaga ta’siri bilan ham o‘lchanadi. Strategiyada xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini oshirishga ham katta ahamiyat berilgan. Nodavlat sektor ulushini 85 foizga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YAIMdagi ulushini 60 foizga yetkazish maqsadlari iqtisodiy faollikning asosiy qismi xususiy tashabbus va raqobat hisobiga shakllanishini ko‘zda tutadi. Buning amaliy natijasi tadbirkorlar uchun bozorlarga kirish, moliyalashtirish, infratuzilma va raqobat sharoitlarining yanada yaxshilanishi bilan belgilanadi.
Energetikada 2030-yilga qadar iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmini 120 milliard kilovatt-soatdan oshirish belgilangan. Iqtisodiyot hajmining o‘sishi energiyaga bo‘lgan talabni ham oshiradi. Shuning uchun yangi quvvatlarni ishga tushirish bilan bir qatorda tarmoqlarni modernizatsiya qilish, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishni kengaytirish iqtisodiy o‘sishning barqarorligi uchun muhim bo‘ladi.
2030-yilgacha belgilangan vazifalarni bir butun tizim sifatida ko‘rish lozim. YAIMni 240 milliard dollardan oshirish sanoat va xizmatlar o‘sishini talab qiladi; sanoatning kengayishi energiya va investitsiyaga ehtiyojni oshiradi; eksportning o‘sishi esa raqobatbardosh ishlab chiqarish va samarali logistikasiz ta’minlanmaydi. Bu jarayonlarning barchasida xususiy sektor va inson kapitali hal qiluvchi omillardan biri bo‘lib qoladi.
Shu jihatdan, 2030-yilga qadar iqtisodiy vazifalarni birgina “yuqori o‘sish” maqsadi bilan ifodalash to‘g‘ri emas. Gap iqtisodiyot hajmini oshirish bilan bir vaqtda mehnat unumdorligini, qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish, eksport tarkibini yaxshilash va xususiy sektorning iqtisodiy faolligini kengaytirish haqida bormoqda.Endi asosiy vazifa salohiyatdan yanada samarali foydalanishdir.
Jamshid SHARIPOV,
"Taraqqiyot strategiyasi" markazi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA