Ekologik audit nega kerak?
Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash eng ustuvor strategik masalalardan biriga aylanib bormoqda. Suv tanqisligi, havo ifloslanishi, chiqindilar hajmining ortishi kabi global muammolar iqtisodiy faoliyatning tabiatga ta’sirini muntazam va xolis baholab borishni taqozo etmoqda. Ana shunday sharoitda ekologik audit muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Bu borada yurtimizda “Ekologik audit to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilangan ekologik audit tizimi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi sub’ektlarning ishlab chiqarish va boshqa jarayonlarning ekologiya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va standartlarga muvofiqligini mustaqil baholash, ularda “yashil” texnologiyalarni joriy etish hamda ekologik menejment tizimlarini yaxshilash uchun muhim huquqiy asos hisoblanadi. 2021-yilda qabul qilingan ushbu qonun ekologik auditni o‘tkazish, ekologik auditorlar va auditorlik tashkilotlarining faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Ekologik auditning o‘zi nima? Sodda qilib aytganda, ekologik audit — korxona o‘z faoliyatida ekologik talablarga qanchalik rioya qilayotganini mustaqil mutaxassislar orqali tekshirish va baholash. Masalan, korxona va zavod faoliyatining atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid talablarga muvofiqligi tizimli o‘rganilib, baholanadi. Bunda atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar, oqova suvlar va ularning tozalanishi, ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va utilizatsiya qilish, yer va suv resurslaridan foydalanish, ekologik ruxsatnomalar va boshqa hujjatlar, korxonaning ekologik qonunchilik talablariga rioya qilishi kabilarga e’tibor qaratiladi.
Bunday o‘rganish korxona ekologik qonunchilikka muvofiq ishlayaptimi, qayerda ekologik xavf yoki kamchilik bor, degan savolga tizimli javob topishda muhim o‘rin tutadi. Demak, ekologik auditdan asosiy maqsad korxonadagi ekologik holatni aniqlash va mavjud muammolarni oldindan ko‘rish, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishdan iborat.
Masalan, audit natijasida biror korxonada chiqindilarni hisobga olish to‘g‘ri yuritilmagan yoki oqova suvlarni tozalash tizimida kamchiliklar borligi yoxud atmosferaga chiqarilmalar bo‘yicha talablar bajarilmagan bo‘lsa, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ishlab chiqiladi. Bu esa ishlab chiqarish ob’ektlarida atrof-muhit va ekologiyaga zarar yetkazayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishda muhim omil hisoblanadi.
Ekologik auditni oddiy korxona xodimi emas, ekologik auditorlik tashkiloti o‘tkazadi. Audit buyurtmachi bilan ekologik auditorlik tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish xavfi yuqori va o‘rtacha bo‘lgan ekologik audit sub’ektlari uchun ekologik audit har yili majburiy tartibda o‘tkaziladi. Atrof-muhitga ta’siri kam yoki unchalik ko‘p bo‘lmagan, lokal ta’sirga ega sub’ektlarda esa audit ixtiyoriy tartibda o‘tkaziladi.
Ekologik audit ekologik nazorat shakllaridan biri sifatida atrof-muhit va ekologiyani muhofaza qilish, bu boradagi muammolarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA