Veterinariya to‘g‘risidagi qonunchilik Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirilmoqda
Veterinariya-sanitariya xavfsizligini ta’minlashning kafolatli tizimini joriy etish, veterinariya to‘g‘risidagi qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan qonun Senat yalpi majlisida muhokama qilindi.
“Davlat veterinariya nazorati takomillashtirilishi munosabati bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunda hayvonlar kasalliklarining oldini olish, profilaktika tadbirlarining davolash ishlariga nisbatan ustuvorligi hamda hayvonotga mansub mahsulot va xomashyo xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq normalar mustahkamlanmoqda.
– Qonun bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunga veterinariya sohasidagi asosiy prinsiplarni belgilashga oid o‘zgartirish kiritilmoqda, - dedi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev. – Davlat, idoraviy va ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatlari hamda xususiy veterinariya faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq xavfni tahlil qilish va boshqarishga qaratilgan tuzatishlar ham kiritilmoqda.

Sohaga oid milliy qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan, Jahon savdo tashkilotining qoidalari va normalariga uyg‘unlashtirish ham nazarda tutilmoqda.
Hayvonlarning yuqumli kasalliklari bo‘yicha hududlar va kichik hududlar (kompartmentlar)ni ajratish, ularning xavfsizlik toifalarini belgilash, veterinariya-sanitariya choralarini xavf tahlili asosida qo‘llash hamda davlat veterinariya xizmati nazoratidagi tovarlarni zarur hollarda laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishga oid tartib ham mustahkamlanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun milliy qonunchilikni xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish, mamlakatimizda veterinariya osoyishtaligi va veterinariya nazoratidagi tovarlarning xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA