Suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Mamlakatimizda suv resurslarini samarali boshqarish, suv monitoringi, hisobi va hisobotini yuritish, shuningdek, suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Suvning davlat hisobini yuritish, suv xo‘jaligi ob’ektlaridan va qurilmalaridan foydalanishda bevosita mas’ul bo‘lgan shaxslarning javobgarligini belgilash, oqova suvlarni chiqarib yuborish tartibiga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, iste’molchilarga qulayliklar yaratish zarurati yuzaga kelgan.
Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik hamda Suv kodekslariga suvlarning davlat hisobini yuritish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlaridan va qurilmalaridan hamda oqova suvlarni chiqarish tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilimoqda. Suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalarni maxsus axborot tizimida avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun suv resurslaridan samarali foydalanish, sohada huquqbuzarliklarning oldini olish va suv resurslarining muhofaza qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA