Toshkentda "UzMedExpo-2026" xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi ochildi
Bugun poytaxtimizdagi "O‘zekspomarkaz" markaziy ko‘rgazmalar majmuida "UzMedExpo-2026" XVIII xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
"International Expo Group" kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmada O‘zbekiston, Germaniya, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Pokiston kabi davlatlardan 50 ga yaqin kompaniya zamonaviy tibbiy uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari, diagnostika va reabilitatsiya vositalari, jarrohlik texnologiyalari hamda raqamli tibbiyot yechimlarini namoyish etmoqda.
Ko‘rgazmaning ochilishida ta’kidlanganidek, bunday xalqaro tadbirlar tibbiyot sohasiga zamonaviy texnologiya va innovatsion yechimlarni olib kirish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda mahalliy tibbiyot sanoatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ko‘rgazma doirasida mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va zamonaviy tibbiy texnologiyalarni muhokama qilish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
–Bugungi kunda markazimiz ikki yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda. Reabilitatsiya O‘zbekistonda nisbatan yangi soha bo‘lib, biz insult, infarkt, turli avtohalokat va yo‘l-transport hodisalaridan keyin bemorlarni reabilitatsiya qilamiz. Davolash jismoniy tarbiyasi, basseyn mashg‘ulotlari va mutaxassislarimiz mehnati orqali bemorlarning harakati va o‘z-o‘ziga xizmat qilish qobiliyati tiklanmoqda. Ayrim bemorlarimiz bir necha oy, ba’zilari esa bir necha hafta ichida sezilarli natijalarga erishyapti.
Ko‘rgazmaga kelsak, biz "Shox Med International Hospital" sifatida 18 yildan buyon bunday tadbirlarda muntazam ishtirok etib kelyapmiz. Bu kabi tadbirlar biz uchun juda muhim, chunki ular natijasida o‘z tajribamizni namoyish etish, yangi hamkorlar topish va dunyodagi yangiliklar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lamiz, – dedi markazning marketing bo‘limi rahbari Gulxan Sayfuddinova.
[gallery-31436]
Ko‘rgazmada Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ham ishtirok etmoqda. Agentlik tibbiyot va farmatsevtika sohasini davlat tomonidan tartibga solish, shuningdek, innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish klasteri "Tashkent Pharma Park"ni rivojlantirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
Xalqaro ko‘rgazmada xorijiy farmatsevtika kompaniyalari ham o‘z mahsulot va ishlanmalarini taqdim etyapti. Ulardan biri – Hindistonning "Bharat Parenterals Limited" kompaniyasisidir.
– Biz Hindistonda joylashgan farmatsevtika kompaniyasi sifatida O‘zbekiston bozorida 20 yildan buyon faoliyat yuritib kelyapmiz. Bugungi kunda 350 dan ortiq farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy asbob-uskunalarni taklif etyapmiz.Ularning aksariyati O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.Ayni paytda jarrohlik choklari, teri steplerlari, suyak mumi, ko‘z ichi linzalari va oftalmologik eritmalarga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Shuningdek, stomatologiya mahsulotlarimiz ham mavjud.
Hozirda yurtingizda mahsulotlarimizni ro‘yxatdan o‘tkazish va realizatsiya qilishda hamkorlik qiladigan ishonchli hamkorlar hamda distribyutorlarni izlayapmiz.
Ko‘rgazma ham yuqori darajada tashkil etilgan. Bu yerda soha vakillari bilan uchrashib, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz, – dedi ushbu kompaniya vakili Xarsh Sharma.
Umuman olganda, uch kun davom etadigan "UzMedExpo-2026" xalqaro ko‘rgazmasi xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilar, tibbiyot muassasalari hamda soha mutaxassislari o‘rtasida yangi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsiyalarni jalb etish va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA