Dzyudochilarga yaponiyalik murabbiy saboq bermoqda
Termiz shahar yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida yaponiyalik mutaxassis tajribali murabbiy, 5-DAN qora belbog‘ sohibi, xalqaro litsenziyaga ega murabbiy Junna Kikuchi ishtirokida dzyudo bo‘yicha o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
–Mashg‘ulotlarni yaponiyalik dzyudo mutaxassisi olib borayotganligi sababli yosh sportchilarda, ularning ota-onalarida qiziqish yuqori. Zalning hajmi va yig‘in dasturidan kelib chiqib, mazkur mashg‘ulotga vohaning shahar va tumanlaridan saralangan o‘smir o‘g‘il-qizlar jalb etilgan. Kelgusida boshqa sport turlarida ham xorijlik tajribali mutaxassislar ishtirokida shunday yig‘inlarni tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu mahoratli yoshlarni aniqlash, saralash, ularning mahorati oshishiga xizmat qiladi, –deydi Surxondaryo viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Mahmudov.


Mashg‘ulotlar davomida yosh sportchilar yapon dzyudo maktabining ilg‘or texnikalari, tajriba va amaliy ko‘nikmalarini o‘zlashtirmoqda.

Bunday mahorat saboqlari yosh dzyudochilarning sport mahoratini oshirish va kelgusida yuqori natijalarga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA