Dzyudo: “Katta dubulg‘a”da hozircha Fransiya peshqadam
Fransiya poytaxti Parijda dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniri davom etmoqda. Turnirning birinchi kungi musobaqalar yakuniga ko‘ra, 3 ta oltin, 1 ta bronza medali bilan Fransiya, 1 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza bilan Yaponiya va 1 ta oltin medal jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan Kosovo terma jamoalari peshqadamlik qilmoqda.
Dunyoning 111 mamlakatidan 667 nafar sportchi ishtirok etayotgan musobaqaning birinchi kungi belashuvlarida mamlakatimiz dzyudochilaridan Doston Ro‘ziyev, Mehriddin Tilovov, Halima Qurbonboyeva, Sita Qadamboyeva, Shukurjon Aminova va Nilufar Ermaganbetova saralash bahslarini muvaffaqiyatli o‘tkazgan holda yarim finalga o‘tish ostonasida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun, 3 fevral kuni mazkur turnirning navbatdagi kungi bellashuvlarida terma jamoamiz a’zolaridan Murodjon Yo‘ldoshev va Shahram Ahadov 73 kilogrammda, Muso Sobirov va Sharofiddin Boltaboyev 81 kilogrammda, dzyudochi qizlarimizdan Sevinch Isoqova 63 kiloda, Shohista Nazarova va Gulnoza Matniyozova 70 kilo og‘irlikda medallar uchun kurashga kirishadi.
“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan mazkur xalqaro musobaqa 4 fevralga qadar davom etadi.
“Katta dubulg‘a” turnirining so‘nggi kunida mamlakatimiz dzyudochilaridan Muzaffarbek To‘raboyev 100 kilogrammda, Alisher Yusupov eng og‘ir vaznda, xotin-qiz dzyudochilarimizdan Irisxon Qurbonboyeva 78 kiloda, Rinata Ilmatova esa +78 kilogrammda tatamiga chiqadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA