Dunyoning yetakchi shaxmatchilari Samarqandda
Samarqand Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning nufuzli tadbiriga mezbonlik qilmoqda. 3–16 sentyabr kunlari bu yerda “Grand Swiss 2025” xalqaro musobaqasi o‘tkaziladi.
“Grand Swiss” FIDE tomonidan tashkil etiladigan eng nufuzli musobaqalardan biri bo‘lib, 2019 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinmoqda. Dastlabki musobaqa 2019 yilda Buyuk Britaniyaning Men oroli Santon shahrida, 2021 yilda Latviya poytaxi Riga shahrida hamda 2023 yilda yana Buyuk Britaniya Men oroli Duglas shahrida o‘tkazilgan.
Musobaqa shveysarcha tizimda 11 turdan iborat bo‘ladi. Unda jahon shaxmat reytingida yuqori o‘rinlarni egallagan kuchli shaxmatchilar qatnashadi. Xususan, Duglasdagi turnirda 37 mamlakatdan 114 erkak, 50 ayol shaxmatchi ishtirok etgan.
To‘rtinchi turnir mezbonligiga O‘zbekistonning Samarqand shahri tanlangan va unda 39 mamlakatdan 172 nafar dunyoning eng kuchli va taniqli shaxmatchilari qatnashadi. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 855 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE), O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqa oldidan bugun tashkilotchilar va taniqli shaxmatchilar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
[gallery-25159]
Anjumanda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikromov, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev, klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni, grossmeyster Gukesh Domarajju hamda yoshlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni, xalqaro sport ustasi, hamyurtimiz Afruza Hamdamova ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga javob berdi.
– Mazkur musobaqa uchun Samarqandning tanlangani bejiz emas, – dedi Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich bu galgi turnir mezbonligi haqidagi savolga javoban. – Chunki, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 2026 yil sentyabr oyida aynan shu tarixiy maskan – Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. “Grand Swiss 2025” esa olimpiadagi o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini ham o‘taydi. Jarayonda biz kelgusi yilda qaysi jihatlarga e’tibor berishimiz kerakligini belgilab olamiz. Musobaqani yuksak saviyada o‘tkazish uchun Samarqandda yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganining guvoh bo‘lib turibmiz. Buning uchun O‘zbekiston Prezidenti va hukumatiga minnatdorlik bildiramiz. Aynan O‘zbekiston tomoni ayollar bahslari uchun turnir mukofot jamg‘armasini ancha oshirib bergani uchun rahmat aytamiz. Buning natijasida biz musobaqaga jahon reytingida yuqori o‘rinlarda turgan, kuchli shaxmatchilarni jalb eta oldik. Bu “Grand Swiss” darajasini yanada oshiradi. Umuman, mazkur turnir jahon reytingida yuqori o‘rinlarga da’vogar shaxmatchilar uchun o‘z imkoniyatlarini namoyon etish va o‘rinlarini yaxshilab olish uchun qulay fursat hisoblanadi.
2026 yilgi jahon chempionatiga nomzodlarni saralash vazifasini o‘taydigan, 11 turdan iborat “Grand Swiss” Samarqand bahslarida FIDE reytingida qayd etilgan 116 nafar erkak va 56 nafar ayol shaxmatchi dona suradi. Musobaqa nizomiga ko‘ra, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi turnirlarda eng yaxshi ikkita o‘rinni egallaganlar jahon chempioni unvoni uchun da’vogarlarni aniqlaydigan 2026 yilgi nomzodlar turniri yo‘llanmasi sohibi bo‘ladi.
– Jahon shaxmat yulduzlarini tarixiy va hamisha navqiron Samarqand shahrimizda ko‘rganimdan xursandman, – dedi yoshlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni Afruza Hamdamova. – Odatda men yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalarda qatnashaman. Bu gal esa kattalar o‘rtasidagi mazkur turnirda qatnashish imkoniyati tug‘ilganidan xursandman. Ona shahrimda jahon reytingidagi shaxmatchilar bilan 11 raund munosib kurash olib borib, yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilaman.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari