Dunyoning eng kuchli shaxmatchilari Samarqandda jam bo‘ladi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi 2025 yilning 3-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida erkaklar va ayollar o‘rtasida “FIDE Grand Swiss-2025” turniri bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.
Ushbu nufuzli musobaqa boy shaxmat merosiga ega, jahon shaxmat hamjamiyatida ta’siri tez o‘sib borayotgan O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilishi bilan dunyo e’tiboridagi tadbir hisoblanadi.
Saralash turnirining ahamiyati bilan bir qatorda, uning mukofot jamg‘armasi ortgani ishtirokchilar safini yanada kengaytirmoqda.
Turnirning mukofot jamg‘armasi 625 ming AQSH dollarga ko‘tarildi. Bu, avvalgi turnirlarga nisbatan 36 foizga oshganidan dalolat. Ayollar mukofot jamg‘armasi esa 140 ming dollardan 230 ming dollarga, ya’ni 64 foizga oshirildi.
Ikkala turnir ham 11 raunddan iborat bo‘lib, ishtirokchilar soni 170 nafarni tashkil etishi kutilmoqda.
Ayni paytda FIDE reytingi bo‘yicha 100 nafar shaxmatchi “FIDE Grand Swiss-2025” turniriga yo‘llanma olgan bo‘lsa, ayollar musobaqasida qatnashish istagidagi 44 nafar shaxmatchi xotin-qizlar Samarqandga kelishini tasdiqlagan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA