O‘zbekistonning dori narxlarini maqbullashtirish siyosati xalqaro mukofot bilan e’tirof etildi
Mamlakatimizda aholining sifatli, xavfsiz va hamyonbop dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan islohotlar xalqaro farmatsevtika hamjamiyati tomonidan yuqori baholandi.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining dori vositalari narxlarini maqbullashtirish, referent narxlarni shakllantirish, narxlar monitoringini raqamlashtirish va aholiga ochiq axborot taqdim etishga qaratilgan loyihasi “CPHI Pharma Awards-2026” xalqaro mukofotining “Excellence With Purpose” toifasida g‘olib deb topildi.
Mazkur natija mamlakatimizda inson manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning global miqyosdagi e’tirofi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, dori vositalari narxlarini maqbullashtirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Davlatimiz rahbari tomonidan farmatsevtika sohasini rivojlantirish hamda aholini arzon, sifatli dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar asosida referent narxlarni shakllantirish va dori vositalari narxlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tizimli ishlar izchil olib borilmoqda.
Referent narx mexanizmining asosiy maqsadi dori vositalari narxini sun’iy ravishda oshirishning oldini olish, bozor narxlarini xalqaro va mahalliy ko‘rsatkichlar asosida xolis tahlil qilish hamda iste’molchilar uchun adolatli va maqbul narx shakllanishini kafolatlashdan iborat.
Ma’lumot uchun, CPHI farmatsevtika sanoatining dunyodagi eng yirik xalqaro ko‘rgazma va professional platformalaridan biri bo‘lib, joriy yilgi global anjumanda 62 mingdan ortiq yuqori malakali mutaxassis va 2 900 dan ziyod yetakchi ko‘rgazma kompaniyasi ishtirok etmoqda. Mazkur nufuzli maydonda o‘tkaziladigan “CPHI Pharma Awards” mukofoti sohada innovatsiya, mukammallik, hamkorlik va ijtimoiy ta’sirga ega ilg‘or tashabbuslarni alohida e’tirof etadi.

Mukofotning mustaqil xalqaro ekspertlardan shakllantirilgan hakamlar hay’ati mavjud bo‘lib, g‘oliblar jahon farmatsevtika sanoatining yetakchi vakillari orasidan qat’iy mezonlar asosida saralab olinadi.
2026-yilda mukofot jami 15 ta yo‘nalish bo‘yicha topshirildi. Shundan “Excellence With Purpose” (Maqsadli mukammallik) toifasi bemorlar va jamiyat manfaatlarini ustuvor qo‘ygan, yuqori ijtimoiy ahamiyatga ega natijalarni ta’minlayotgan loyihalarni baholashga qaratilgan. Aynan shu nufuzli nominatsiyada O‘zbekiston loyihasining g‘olib chiqishi katta ramziy ma’noga ega.
“O‘zbekistonda dori vositalarini arzonlashtirish: referent narxlarni belgilash, raqamli monitoring va jamoatchilik uchun ochiqlik” loyihasi dunyoning ko‘plab ilg‘or loyihalari orasidan saralanib, final bosqichiga chiqdi va rasman g‘olib deb e’lon qilindi.
Bu yutuq, eng avvalo, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mazmun-mohiyati — aholi manfaatlari, dori vositalarining maqbulligi, shaffoflik va raqamli nazorat xalqaro professional hamjamiyat tomonidan ham haqli ravishda yuqori baholanganini ko‘rsatadi.
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash yo‘lida boshlangan sa’y-harakatlarning Milan shahridagi nufuzli xalqaro farmatsevtika maydonida e’tirof etilishi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining, balki butun O‘zbekiston farmatsevtika tizimi uchun ulkan tarixiy yutuqdir.
Mohigul Qosimova, O‘zA