«Gender tenglik faoli» tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Boyovut tumanida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, gender tenglik tamoyillarini keng targ‘ib etish va bu boradagi samarali tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan «Gender tenglik faoli» milliy tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda tumanda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash borasida tashabbus ko‘rsatayotgan tashkilotlar ishtirok etdi.

Bellashuv jarayonida ishtirokchilarning amalga oshirgan ishlari, gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan loyihalari, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslari hamda jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borayotgan ishlari baholandi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, «Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tuman tashkiloti» nominatsiyasi bo‘yicha Boyovut tumani 2-sonli texnikumi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

«Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hududiy tashkilot» nominatsiyasida Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi, «Gender tenglikni ta’minlashda eng faol nodavlat-notijorat tashkilot» nominatsiyasida esa Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Boyovut tuman bo‘limi jamoasi g‘olib deb topildi.

Tanlovda e’tirof etilgan tashkilotlar faoliyatida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ishlar muhim o‘rin tutdi.
Tanlov g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri