Do‘stlikdan hamkorlik sari yangi qadam qo‘yildi
Madaniyatlar chorrahasi bo‘lgan qadim Buxoro bugun nafaqat o‘zining ming yillik tarixi va betakror obidalari, balki dunyo xalqlari bilan tobora kengayib borayotgan do‘stona va hamkorlik aloqalari bilan ham e’tibor markazida. Ayniqsa, yoshlar ta’limi, ilm-fan, madaniyat va gumanitar hamkorlik yo‘nalishlarida xalqaro aloqalarning mustahkamlanishi yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning xorijiy davlatlar, xususan, Yevropa mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, ta’lim, ilm-fan, madaniyat va yoshlar almashinuvini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari bu jarayonga mustahkam zamin yaratmoqda.
Ana shunday ezgu va istiqbolli aloqalarning Buxorodagi amaliy ifodasi sifatida Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Fuk Ualidning Buxoro davlat pedagogika institutiga tashrifini alohida ta’kidlash mumkin.
Elchi institut rektori Bahodir Ma’murov hamrohligida oliy ta’lim muassasasida talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim jarayoni uchun barpo etilgan infratuzilma, yoshlarning ilmiy, ma’naviy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida mehmon institutning “Yoshlar bog‘i”da ham bo‘lib, bu yerda yoshlar uchun yaratilgan muhit, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun mavjud sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Mazkur maskanda kelgusida yirik madaniy tadbir tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgani tashrifning muhim natijalaridan biri bo‘ldi.

Bu tashabbusning ahamiyati shundaki, madaniyat — xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, tarix va bugunni bog‘laydigan, qalblar o‘rtasida ko‘prik yaratadigan bebaho vositadir. Ayniqsa, bunday tadbirlarni yoshlar maskanida tashkil etish navqiron avlod vakillarining jahon madaniyati bilan yaqindan tanishishi, turli xalqlarning qadriyatlari va an’analarini anglab yetishi uchun katta imkoniyat yaratadi.
Uchrashuvda Buxoro viloyati va Fransiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda xalqlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Fuk Ualid Buxoro davlat universitetiga ham tashrif buyurib, universitet rahbariyati bilan ta’lim, ilm-fan va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Muloqot davomida, xususan, fransuz tilini o‘qitish va o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida akademik almashinuvni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-ta’lim loyihalarini amalga oshirish, yoshlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Bu jihatlar bugungi ta’lim jarayonining eng muhim talablaridan biri — yoshlarni xalqaro maydonda raqobatbardosh, bilimli, dunyoqarashi keng va zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar etib tarbiyalash bilan bevosita bog‘liq.
Ayniqsa, chet tillarini chuqur o‘rganish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlikni kengaytirish va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish imkoniyatlarining ortishi Buxorodagi oliy ta’lim muassasalarining xalqaro ta’lim makonidagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda joriy yil oktabr oyida Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Fransiya madaniyati kunlari masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tadbir Buxoro va Fransiya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada jonlantirish, ikki xalqning o‘zaro bir-birini chuqurroq anglashiga xizmat qilishi kutilmoqda. Tadbir doirasida fransuz xalqining boy va rang-barang madaniy merosi, san’ati, musiqasi, kinematografiyasi, ilm-fani, adabiyoti hamda zamonaviy ijod namunalari Buxoro aholisi va shaharga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlarga keng namoyish etilishi rejalashtirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri