Payariqlik fuqaro hovlisidan bronza davriga oid ashyolar topildi
Samarqand viloyatining Payariq tumani Darvozag‘aza qishlog‘ida yashovchi fuqaro hovlisidan yer qazish ishlari jarayonida qadimiy qabr qoldiqlari aniqlandi.
Qazish jarayonida inson suyak qoldiqlari, bronzadan yasalgan bilakuzuklar, turli taqinchoqlar va mayda munchoqlar topilgan. Fuqaro bu haqda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutiga xabar bergach, institut mutaxassislari tomonidan topilma joyi ko‘zdan kechirildi. Aniqlangan arxeologik ashyolar va inson suyak qoldiqlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, ilmiy o‘rganish uchun qabul qilib olindi.

– Dastlabki kuzatuvlarga ko‘ra, topilgan bronza bilakuzuklarning ayrimlari konussimon uchlari va spiralsimon bezaklari bilan ajralib turadi, – deydi Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov. – Ularning shakli va bezak xususiyatlari bronza davrining so‘nggi bosqichida yashagan dasht chorvador qabilalari madaniyatiga xos taqinchoqlar bilan o‘xshash. Zarafshon vodiysidagi qator manzilgoh va qabristonlardan ham bronza davriga oid, dasht chorvador aholisining madaniyati bilan bog‘liq arxeologik materiallar aniqlangan.
Bunday yodgorliklar, odatda, miloddan avvalgi XIII-X asrlar bilan tasnif qilinadi va Andronovo – Tozabog‘yob madaniy doirasi bilan bog‘lanadi. Hozircha, Darvozag‘aza qishlog‘ida aniqlangan yangi topilmaning aniq davri va madaniy mansubligi uzil-kesil belgilanmadi. Mazkur masalaga maxsus arxeologik qazishmalar, antropologik tadqiqotlar hamda metall buyumlarning laboratoriya tahlillari natijasida aniqlik kiritilishi ma’lum qilindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri