Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimi kuchaytiriladi
Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishning huquqiy asoslari mustahkamlangan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada bolalar va xotin-qizlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi aniq normalar belgilandi.
Shu asosda xotin-qizlarning huquq va manfaatini ta’minlash, muammolarini hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Barcha qonun, farmon va qarorlarni qabul qilishda gender masalasi bo‘yicha huquqiy mexanizmlar joriy etildi.
Yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlar hisobiga 230 mingga yaqin tadbirkor ayollar sinfi shakllandi, mirishkor fermer ayollarimiz 12 ming nafarga yetdi, ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan olimalarimiz 6 ming nafardan oshdi.
Shu bilan birga, xotin-qizlarning murojaatlari va ularni himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlash tizimi – xotin-qizlar.uz elektron platformasi ishga tushirildi.
Oliy sudda Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda xotin-qizlarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda ularni qiynayotgan muammolarga qonuniy yechim topish maqsadida xotin-qizlarning sud-huquq va boshqa masalalariga oid murojaatlar yuzasidan o‘tkazilgan ochiq muloqotda shular haqda so‘z yuritildi.
[gallery-31382]
Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan muloqot davomida kelib tushayotgan har bir murojaatni chuqur va aniq o‘rganish maqsadida Oliy sudning rahbariyati va sudyalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Bolalar ombudsmani va boshqa tegishli tashkilotlarning mas’ul vakillari ayollar bilan alohida tartibda, yuzma-yuz ish olib borayotgani qayd etildi.
Tadbirda xotin-qizlardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish va har bir masalaga aniq huquqiy yechim topishga alohida e’tibor qaratish zarurligi bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova,
A.Alijonov (surat), O‘zA