“Do‘stlik-2026”: yettinchi bor o‘tkazilayotgan qo‘shma harbiy o‘quv mashg‘uloti
O‘zbekiston va Hindiston harbiylari tajriba almashdi.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Namangan viloyatidagi “G‘urumsaroy” dala-o‘quv maydonida ikki mamlakat qurolli kuchlarining yettinchi bor o‘tkazilayotgan “Do‘stlik-2026” (Dustlik 2026) qo‘shma harbiy o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Ikki hafta davom etgan ushbu mashg‘ulotlarda ikki davlatning saralangan harbiy bo‘linmalari ishtirok etdi. Hindiston kontingenti tarkibidagi 60 nafar harbiy xizmatchining 45 nafari Quruqlikdagi qo‘shinlarning mashhur “Mahar” polki vakillari, 15 nafari esa Harbiy havo kuchlari xodimlaridir. O‘zbekiston tomonidan ham shuncha miqdordagi Armiya va Harbiy havo kuchlari bo‘linmalari jalb etildi. Eslatib o‘tish joizki, “Do‘stlik” mashg‘ulotlari an’anaviy ravishda har yili navbatma-navbat ikki davlat hududida o‘tkazib kelinmoqda. Ma’lumot uchun, 2025-yilgi mashg‘ulotlar Hindistonning Puna shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
Bu yilgi o‘quv-mashqlarining asosiy diqqat markazi tog‘li va tog‘oldi hududlarda muvofiqlashtirilgan harbiy harakatlarni olib borishga qaratildi. Bunday relef o‘ziga xos taktik va logistik qiyinchiliklarni tug‘dirishi sababli, harbiylardan yuqori jismoniy chidamlilik va tezkor qaror qabul qilish talab etildi. Mashg‘ulotlar davomida terrorizmga qarshi kurash, noqonuniy qurolli guruhlarni aniqlash va zararsizlantirish bo‘yicha qo‘shma maxsus operatsiyalar o‘tkazildi. Shuningdek, ikki davlat harbiy bo‘linmalari o‘rtasida yagona qo‘mondonlik va nazorat tizimini shakllantirish, yer usti navigatsiyasi, dushman bazalariga shartli zarbalar berish va strategik nuqtalarni egallash kabi vazifalarga alohida urg‘u berildi.
Dala mashg‘ulotlaridan tashqari, dastur doirasida nazariy bilim almashish sessiyalari ham tashkil etildi. Unda tomonlar o‘zlarining jangovar tajribalari, taktika va usullari bilan o‘rtoqlashdilar. Bu yilgi mashg‘ulotlarda zamonaviy texnologiyalar va yangi avlod jangovar usullarini qo‘llashga alohida ahamiyat qaratilganini ta’kidlash lozim. O‘quv mashg‘ulotlarining kulminatsion nuqtasi 48 soatlik yakuniy sinov mashqlari bo‘ldi. Unda real jangovar vaziyatga yaqin ssenariylar asosida harbiylarning tayyorgarligi, aloqa tizimining samaradorligi va qo‘shma harakatlarning aniqligi sinovdan o‘tkazildi.
“Do‘stlik-2026” mashg‘ulotlari nafaqat harbiy tayyorgarlik, balki O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Harbiy mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu kabi tadbirlar askarlar o‘rtasida shaxsiy do‘stlik va kasbiy hurmatni oshirib, ikki strategik sherikning xavfsizlik sohasidagi intilishlari mushtarak ekanini yana bir bor namoyish etdi.
O‘zA