Energetika ob’ektlari HIL texnologiyalari asosida sinovdan o‘tkaziladi
“O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida Energetika vazirligi, “Silk Road Energy Planning and Engineering” MCHJ hamda “Huawei” kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat energetika tizimi ob’ektlarini zamonaviy texnik yechimlar asosida sinovdan o‘tkazish, elektr tarmoqlari faoliyatini yanada barqaror tashkil etish va tizim xavfsizligini kuchaytirishni nazarda tutadi. Shuningdek, loyiha doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini milliy energetika tizimiga samarali ulash bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar qo‘llaniladi.
Memorandum asosida real vaqt rejimida ishlaydigan simulyatsiya platformalari va “Hardware-in-the-Loop” (HIL) texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Bu orqali elektr stansiyalari, podstansiyalar hamda boshqaruv tizimlari turli favqulodda holatlarda tekshirib ko‘riladi va ularning ishonchliligi baholanadi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur hamkorlik energetika sohasida innovatsion texnologiyalarni kengaytirish, xalqaro tajribani jalb qilish va tarmoq samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA