Ehtiyojmand aholiga ssuda asosida 2 ming 711 ta asbob-uskuna berildi
Kambag‘allikdan farovonlik sari dasturi amalda
Surxondaryo viloyatida ijtimoiy reyestrga kiritilgan 2 ming 300 fuqaroga ssuda asosida tikuvchilik, xizmatlar ko‘rsatish, hunarmandlik va ishlab chiqarish kabi sohalarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, o‘zini-o‘zi band qilishi uchun zarur turli jihoz va asbob-uskuna topshirildi.
Viloyatda aholi bandligini ta’minlab, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni kambag‘allikdan chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil 440 ming aholi bandligi ta’minlanib, ishsizlik darajasi 5,6 foizdan 4,9 foizga tushirildi. 16 ming 800 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs va mehnat bozoriga yangi kirib kelgan 16 ming 600 bitiruvchi ishli bo‘ldi. Bu yil 67 ming kishini ish bilan ta’minlab, ishsizlik darajasini 4 foizga tushirish rejalashtirilgan.
Yil davomida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 60 ming oilaning 274 mingdan ortiq a’zosi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 9,3 foizdan 4,5 foizga tushirildi. Joriy yil vohaning kambag‘allik darajasi 2,8 foizga tushadi. Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahri ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanadi.
Tadbir doirasida tumanlar va Termiz shahrida yashaydigan 2 ming 318 nafar fuqaro 2 ming 711 ta jihoz va asbob-uskunani ssuda asosida qabul qilib oldi.
Viloyatning Sho‘rchi tumanida to‘rt mingdan ortiq fuqaro ijtimoiy reyestr ro‘yxatiga kiritilgan. Tadbirda ularning 80 nafari kompyuter jamlanmasi, tikuv mashinasi, motokultivator, uch g‘ildirakli motoroller va boshqa zamonaviy jihoz hamda asbob-uskunalarga ega bo‘ldi.
Tumanning Hayrabod mahallasida yashaydigan Muhayyo Qayumovada aholiga kompyuter xizmatlari ko‘rsatishga qiziqish uyg‘ongan. Uning bu ishini yo‘lga qo‘yishi uchun zamonaviy kompyuter jamlanmasi berildi. Bu e’tibor M. Qayumovaning axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishida juda qo‘l keladi.

– Endilikda zamonaviy axborot texnologiyasidan foydalanib, bilim va ko‘nikmalarimni oshiraman, – deydi Muhayyo Qayumova. – Menga ssuda asosida topshirilgan kompyuter to‘plami mustaqil faoliyat yuritib, o‘z ishimni yo‘lga qo‘yishimda muhim qadam bo‘ldi.

Sho‘rchi tumanida kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yil boshidagi 8,5 foizdan 3,5 foizga tushirildi. Joriy yilda kambag‘allik darajasini 2-2,5 foizgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda. Buning uchun ijtimoiy reyestrdagi aholi qo‘llab-quvvatlanib, bandligini ta’minlashga alohida ahamiyat berilmoqda. Ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi kabi tarmoqlarda yangi ish o‘rinlari yaratilayotir. Masalan, tumanning Ko‘klam mahallasida yetti gektar maydonda barpo etilayotgan kooperatsiya usulidagi issiqxonaga 17 ming tup banan ko‘chati ekilmoqda. Unda 30 dan ortiq dehqon xo‘jaligi banan parvarishlaydi. Bu yerda ham ijtimoiy reyestrdagi aholi mehnat qilib, yiliga 1 ming 500 tonna hosil olishni ko‘zda tutmoqda.


Tumanda kichik banan plantatsiyalarini tashkil etib, mo‘l hosil olish sinovdan o‘tgan. 50 dan ortiq tomorqada shu turdagi mahsulot yetishtirilib, salmoqli daromad olinmoqda. Dehqonlarning aytishicha, bananchilik juda kam xarajat, ko‘p daromadli biznes. Bir sotix issiqxona tashkil etish o‘rtacha 9 million so‘mga tushadi. Bu yerda 25 tup banan ko‘chati parvarishlasa, qisqa vaqtda meva bera boshlaydi. Yiliga bir tup banandan ikki-uch marta 25-30 kilogrammdan hosil olib, 60 million so‘mgacha daromad qilsa bo‘ladi.

Ehtiyojmand oilalarga topshirilgan asbob-uskunalar ham shu toifadagi aholi bandligini ta’minlab, oilalar daromadini oshirish, kichik tadbirkorlikni rivojlantirish orqali ijtimoiy reyestrdagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgani ahamiyatlidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri