Dorivor jenshen yetishtirish bo‘yicha Koreya bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari hamda Koreyaning Gangwon Bio kompaniyasi bosh direktori Gapsu Yun boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan dorivor jenshen o‘simligini O‘zbekistonda yetishtirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar mazkur ekinni zamonaviy biotexnologiyalar asosida ko‘paytirish, ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kelgusida mahsulotni tijoratlashtirish hamda uning eksport salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Koreyalik mutaxassislar loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish, avvalo mavjud sharoitlarni joyiga chiqib o‘rganish, zarur ehtiyojlarni aniqlash va barcha ishlar oldindan kelishilgan reja hamda standartlar asosida tashkil etilishi muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, jenshen mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarga muvaffaqiyatli olib chiqish uchun puxta marketing strategiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston tomoni ushbu loyiha mamlakatda dorivor o‘simliklar yetishtirish sohasini rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va eksport hajmini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, loyihani qisqa muddatda amaliy bosqichga olib chiqish va uni amalga oshirishda har tomonlama tashkiliy hamda amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini bildirdi.
“Gangwon Bio” mutasaddilari esa O‘zbekistonda jenshen yetishtirish loyihasini amalga oshirishda o‘zining ko‘p yillik tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar dorivor jenshen yetishtirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA