Kesilgan 16 tup terak uchun 45 million so‘mdan ortiq jarima undirilmoqda
Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ekopolitsiya xodimlari jamoatchi inspektor hamkorligida Qumqo‘rg‘on tumanida tezkor reyd tadbiri o‘tkazib, daraxtlarni g‘ayriqonuniy kesgan kushandaga tegishli jazo qo‘lladi.
Tadbir chog‘ida Jarqo‘rg‘on tumanining Xalqobod mahallasida yashovchi Halim Jovliyev (ism-sharif o‘zgartirildi) Qumqo‘rg‘on tumanidagi Boymoqli mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi ariq chetida o‘sib turgan 16 tup baqa terak daraxtini tegishli ruxsatnomasiz, noqonuniy kesib olgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan tabiat jonkuyarlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismi bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Halim Jovliyevga 11 million so‘m ma’muriy jarima jazosi qo‘lladi. Shuningdek, u noqonuniy daraxt kesilishi oqibatida tabiatga yetkazilgan 34 million 320 ming so‘m zararni ham to‘lashi belgilandi.
Nilufar Bozorova, O‘zA