Beparvolik ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin
Kuz-qish mavsumi yaqinlashgani sari gaz xo‘jaligida tabiiy gazni bir maromda yetkazib berish ishlariga qizg‘in hozirlik ko‘riladi. O‘z barobarida iste’molchi ham tabiiy gazdan xavfsiz va to‘g‘ri, tejamkor foydalanishni bilishi, bunga amal qilishi lozim. Gohida gaz va gaz jihozlaridan foydalanishda beparvolikka yo‘l qo‘yish ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shu kunlarda joylarda gaz idorasi xodimlari tomonidan kuz-qish mavsumida is gazidan ogoh bo‘lish, nosoz va qo‘lbola pechlardan foydalanmaslik, mavsum oldi dudburonlarni maxsus mutaxassislar ishtirokida tozalash, tekshirish va boshqa holatlarga ahamiyat qaratish zarurligi tushuntirilmoqda.
Navoiy shahrida gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan xonadonma xonadon yurilib, tabiiy gazdan xavfsiz foydalanish qoidalari keng tushuntirilmoqda. Jumladan, Binokor mahallasida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida ham ayni muhim mavzu mohiyati aholiga atroflicha tushuntirildi. Havo gaz aralashmasi chaqnashi, yong‘inlar va gaz sizib chiqishi, is gazi oldini olish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha hayotiy misollar bilan aholiga ma’lumot berildi.
– Xonadonlarimizga tabiiy gaz bir maromda yetkazib berilyapti, gazdan muammomiz yo‘q, – deydi shu mahallada yashovchi faxriy Nurillo Turdiyev. – Gaz jihozlaridan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanishga amal qilamiz. Shahar gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari ham kelib muntazam targ‘ibot ishlarini olib borishadi. Bugun ham gazdan to‘g‘ri foydalanish yuzasidan eslatmalar berildi. Eslatmadagi har bir qoidaga e’tiborli bo‘lishimiz kerak deb hisoblayman. Uch nafar nabiram bor, ularga ham gugurt, gaz jihozlari bilan o‘ynashmaslikni tushuntiraman. Avvalo, bu xavfsizlik qoidalariga amal qilish o‘zimiz, oilamiz tinchligi uchun juda muhim.
Shu kunga qadar Navoiy shahri bo‘ylab iste’molchilarga gazdan xavfsiz foydalanishga oid 25 mingga yaqin eslatmalar tarqatildi.
Targ‘ibot tadbirlari esa har bir mahallada davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri