Dopingga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
Sport vazirligida dopingga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda joriy yil davomida o‘tkaziladigan ichki va xalqaro musobaqalarda qatnashadigan sportchilarni antidoping qoidalariga rioya etilish masalalari tahlil qilindi.
Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda Milliy antidoping agentligi mutasaddilari, sport federatsiya va assotsiatsiyalarining mas’ul vakillari ishtirok etgan yig‘ilish tanqidiy ruhda kechdi.
Joriy yilning o‘tgan qismi davomida doping qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq holatlar tahlil qilinib, mavjud kamchiliklar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Federatsiyalarning mas’ullariga vaziyatni to‘liq nazoratga olish, sportchilarning ADAMS tizimidagi joylashuv ma’lumotlarini muntazam kuzatib borish hamda antidoping qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Muhokamalar davomida mamlakatimiz sportchilarini oldinda “Aichi-Nagoya-2026” yozgi Osiyo o‘yinlari va boshqa qator nufuzli xalqaro musobaqalar kutib turgani, ularda munosib natijalarga erishishda antidoping qoidalarini bilish muhim omil ekani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda sportchilar o‘rtasida profilaktik tushuntirish ishlarini kuchaytirish va antidoping nazoratini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA