"Dok-1 Maks" va "Ambronol" dorilaridan jabrlangan oilalarga kompensatsiya to‘lovlari to‘liq qoplab berildi
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bildirilgan rasmiy bayonotda ma’lum qilindi:
“Ma’lumki, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudining ijro hujjatlariga ko‘ra, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari iste’moli natijasida jabrlangan oilalarga Majburiy ijro byurosi tomonidan 90 nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 82 milliard so‘m kompensatsiya to‘lovi undirilishi belgilangan edi.
Biroq, aybdorlarning xatlangan mol-mulkini sotish jarayoni belgilangan muddatdan cho‘zilgani sababli bugungi kunga qadar ushbu mablag‘ning 20 foizi, ya’ni 16,8 milliard so‘m to‘langan, xolos. Kompensatsiyaning qolgan qismi esa bir necha yildan buyon to‘lanmay kelgan.
Shu bois Prezidentimiz tomonidan jabrlangan oilalarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘liq qoplab berish ishlarini tezlashtirish bo‘yicha tegishli topshiriq berildi.
Shunga asosan davlat byudjetidan 65,2 milliard so‘m ajratildi. Shu tariqa bugunga qadar 88 nafar jabrlanuvchiga jami 80 milliard so‘m, shu jumladan, vafot etgan 72 nafar bola oilalariga 72,2 milliard so‘m, davolangan va davolanayotgan 16 nafar bola oilalariga esa 7,8 milliard so‘m to‘landi.
Bank kartalari bilan bog‘liq texnik masalalar hal etilgandan so‘ng 2 nafar bola oila a’zolariga ham qolgan 2 milliard so‘m to‘liq to‘lab beriladi.
Byudjetdan ajratilgan 65,2 milliard so‘m mablag‘ aybdor shaxslarning mol-mulkini sotishdan tushgan va ulardan undirilgan mablag‘ hisobidan respublika byudjetiga qaytariladi.
Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi, tegishli davlat tashkilotlari va idoralari mas’ullari respublika tibbiyot markazlari shifokorlari bilan birgalikda jabrlangan oilalarning holidan xabar olib, bolalarga qo‘shimcha zarur tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rmoqda”, deyiladi rasmiy bayonotda.
M.Qosimova tayyorladi.
O‘zA